Paxtachilikda ilm, texnologiya va agrotexnik yondashuv uyg‘unligini joriy etish – bugungi kun talabi
2025-05-15 19:10:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda Paxtachilik kengashi olimlari, vazirlikning markaziy apparati vakillari hamda sohaga bevosita aloqador mutaxassislar ishtirok etdi. Muhokamalar markazida paxtachilikda ilm, tajriba va agrotexnologik yondashuvlar uyg‘unligini ta’minlash masalalari turdi.
Yig‘ilish avvalida hududlarda parvarish qilinayotgan paxta navlarining hozirgi holati, ularning sog‘lom rivojlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan chora-tadbirlar tahlil qilindi. Tadbir davomida mavjud muammolarni bartaraf etish va samaradorlikni oshirishga doir takliflar yuzasidan ochiq muloqot tashkil etildi. Jumladan, xorijiy navlarni agroiqlim sharoitiga moslashtirish, ularning hosildorlik salohiyatini chuqur tahlil qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Agroklasterlar faoliyatida uchrayotgan muammolar – sug‘orish rejimini takomillashtirish, ochiq maydonlarda sug‘orish tizimini tashkil etish, suv ta’minotining barqarorligini ta’minlash kabi dolzarb masalalar yuzasidan ham ilmiy takliflar ilgari surildi.
Yig‘ilishda paxtachilik bo‘yicha olimlar tomonidan ishlab chiqilgan uslubiy qo‘llanmani amaliyotga joriy etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Har bir hudud sharoitiga mos tarzda tatbiq etiladigan ushbu qo‘llanma paxtachilikda sifat va samaradorlikni ta’minlaydigan muhim vosita sifatida qayd etildi.
Muhokamalar chog‘ida xorijiy va mahalliy g‘o‘za navlarining o‘sish-davr ko‘rsatkichlari taqqoslandi. Bu orqali hosildorlikni bir necha barobarga oshirish imkoniyatlarini ilmiy asosda aniqlash zarurligi ta’kidlandi. Ayniqsa, xorijiy agrotexnologiyalarni dala sharoitida qo‘llash, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.
Shuningdek, yig‘ilishda paxta dalalarida uchraydigan zararkunandalar xavfi va ularga qarshi kurashish usullari muhokama qilindi. Olimlar biologik va kimyoviy himoya usullarini uyg‘unlashtirgan kompleks yondashuvlarni taklif qildi. Bu esa tabiiy muvozanatni saqlagan holda yuqori hosildorlikka erishish imkonini beradi.
Yig‘ilish yakunida vazir Ibrohim Abdurahmonov barcha mas’ullarga paxtachilik amaliyotlarini tizimli va ilmiy asosda olib borish, ekin yerlarida navlarni tashqi omillardan himoya qilish uchun maxsus xo‘rak maydonlarini to‘g‘ri tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Shuningdek, chigitlarni plyonka ostida yetishtirishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish, xorijiy agrotexnologiyalarni keng joriy etishda ilmiy hamkorlikni kuchaytirish va barcha ekin maydonlarini to‘liq nazorat ostiga olish bo‘yicha alohida ko‘rsatmalar berildi.









