Samarqand: Kartoshkachilik bo‘yicha xalqaro seminar
2025-05-15 18:55:00 / Yangiliklar

Tadbirda Koreya Qishloq jamiyati korporatsiyasi Markaziy Osiyo ODA vakolatxonasi direktori, professor Jang Jeongryeol, Koreya KOPIA dasturi direktori, professor Kim Jae Hyun hamda boshqa nufuzli mutaxassislar ishtirok etib, o‘zaro hamkorlik aloqalaridan mamnun ekanliklarini bildirib, loyiha istiqbollari bo‘yicha o‘z fikrlarini bayon qilishdi.
Seminar doirasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Z. Ortiqov O‘zbekistonda urug‘lik kartoshka yetishtirish va uni ta’minlash holati haqida tahliliy ma’ruza qildi. U o‘z nutqida kartoshka urug‘chiligi tarixiga to‘xtalib o‘tib, yurtimizda to‘plangan mahalliy tajriba va ayniqsa Samarqand viloyatining yetakchilik mavqeyini alohida ta’kidladi. Shu bilan birga, sohada mavjud yuqori talabni qondirishda amaliy loyihalarning ahamiyati katta ekanligi qayd etildi.
Xalqaro bog‘dorchilik instituti menejeri, professor Cho Hyun-Mook tomonidan kartoshka yetishtirishning global tizimlari va ularning O‘zbekistonda joriy etilishi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Professor o‘z nutqida yangi navlarni yaratishda iqlim omilining muhimligi, xalqaro tajribalar va O‘zbekistonning bu boradagi qulay tabiiy sharoitlari haqida fikr bildirdi. U O‘zbekiston kelgusida kartoshka eksport qiluvchi davlatga aylanishi uchun zarur salohiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
Seminar doirasida dala amaliyotlari o‘tkazilib, loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlarning bevosita namoyishi ham tashkil etildi.









