Pillachilik — milliy merosdan eksportbop mahsulotgacha
2025-05-14 18:05:00 / Yangiliklar

Mazkur korxonaga tumanning turli burchaklaridan — xonadonlardan yig‘ilgan pillalar olib kelinib, saralanadi, qayta ishlanadi va qimmatbaho mahsulotga aylantiriladi.
Ma'lumot o‘rnida, 2025-yil 13-may holatiga ko‘ra, Denov tumani bo‘yicha jami 3 468 dona ipak qurti qutisi tarqatilgan bo‘lib, ular orqali 208 100 kilogramm pilla hosili yig‘ib olingan. Shundan fermerlar hissasi 122 500 kg (2041 quti)ni tashkil etgan bo‘lsa, aholi (kasanachilar) tomonidan 85 600 kg (1427 quti) pilla yetishtirilgan.
E’tiborlisi, “Agropilla”da nafaqat mahalliy ishchi kuchi, balki Andijondan kelgan mutaxassislar ham faoliyat yuritmoqda. Ular Surxondaryo iqlimining o‘ziga xos sharoitiga moslashib, pilla yetishtirishning nozik jihatlarini sinchiklab o‘rganmoqda. Ularning har bir harakati — ipak yo‘lida qo‘yilgan yangi qadamlardek.
Bugungi kunda pilla sanoati oddiygina xomashyo tayyorlash bilan cheklanmaydi. U – eksportbop mahsulot, u – minglab odamlar uchun daromad manbai, u – mahalliy iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda. Shu bois, bunday tashabbuskor korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ilmiy yondashuv asosida rivojlantirish bugungi qishloq xo‘jaligi strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov tashrif davomida ishlab chiqaruvchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi, ularning takliflarini tingladi. Ayniqsa, pilla yetishtirish jarayoniga ilm-fan yutuqlarini tatbiq etish, yangiliklarni joriy qilish, ipak qurti parvarishida samarali oziqlantirish usullarini qo‘llash borasida muhim tavsiyalar berdi.


