Sho‘rchidagi don qabul maskani: Yondashuv yangicha, mas’uliyat yuksak
2025-05-14 15:25:00 / Yangiliklar

Joriy yilda mazkur maskanda 33 ming tonna g‘alla qabul qilib olish rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytda maskanning bir vaqtning o‘zida qabul qilish sig‘imi 60 tonnani tashkil etadi.
Vazir mazkur obyekt faoliyati bilan tanishar ekan, tizimlilik va aniq yondashuvni eng muhim jihatlar sifatida qayd etdi. Jumladan, ishlar ikki smenada tashkil etilgani, har smenada 2 nafardan tarozibon va 2 nafardan nazoratchi faoliyat yuritishi, ularning o‘zaro almashtiruvchan bo‘lishi — bu nafaqat unumdorlikni oshiradi, balki inson omilini hisobga olgan holda adolatli va shaffof ish yuritilishini ta’minlaydi.
Bundan tashqari, yuk avtomashinalarining davlat raqami asosida ro‘yxatdan o‘tkazilishi, ularning harakati onlayn kuzatuv kameralari orqali nazorat qilinishi, tarozi ko‘rsatkichlarining real vaqt rejimida hosil qabul qilish platformasida aks ettirilishi — barcha bosqichlarda shaffoflik va halollikni ta’minlashga qaratilgan qat’iy choralar joriy etilganini ko‘rsatadi. Endilikda biror kilogramm don ham nazoratsiz qolmaydi.
Bu jarayonlar oddiy nazorat emas, balki islohot ruhi, mas’uliyatli yondashuv va qishloq xo‘jaligida yuqori samaradorlik sari tashlangan muhim qadamdir. Chunki g‘allaga bo‘lgan hurmat — dehqonga bo‘lgan hurmat, xalq farovonligiga bo‘lgan e’tibordir. Har bir don og‘irligi nafaqat tarozida, balki yurt kelajagi mezonida ham baholanmoqda.






