Surxondaryo: Mahalliy tashabbus – milliy taraqqiyot sari
2025-05-14 12:40:00 / Yangiliklar

Mazkur korxona bu oddiy korxona emas, bu o‘ziga xos mehnatsevarlik, zamonaviy yondashuv va bozorga moslashuvchanlikning yorqin namunasi.
Korxona tomonidan 15 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lib, faoliyatining asosiy yo‘nalishi — qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, ya’ni kolibrovka qilish, saralash va iste’molchilar uchun tayyor holga keltirishdan iborat.
Vazir Abdurahmonov mazkur korxonada amalga oshirilayotgan jarayonlarni chuqur o‘rgandi, ishlab chiqarish liniyasi bilan tanishdi va ayni paytda yurtimiz ichki bozori hamda xorijiy bozorlar uchun mo‘ljallanayotgan mahsulotlar sifati, ularning eksport salohiyati borasida alohida fikr bildirdi.
Misol tariqasida, qizil lavlagining qayta ishlanish jarayoni ko‘zga tashlanadi: korxona ushbu mahsulotni 3 300 so‘mdan xarid qilib, uni maxsus texnologik jarayondan o‘tkazadi — tozalaydi, kolibrovka qiladi, saralaydi va shu asosda 700 so‘m qo‘shimcha xizmat haqi evaziga tayyor mahsulotni 4 000 so‘mdan iste’mol bozorlariga chiqaradi. Bu esa, qo‘shimcha qiymat yaratilishining aniq va samarali amaliy ifodasidir.
Tashrif davomida vazir korxona faoliyatini ijobiy baholab, bu kabi oilaviy tashabbuslarning qo‘llab-quvvatlanishi nafaqat iqtisodiy barqarorlik, balki hududiy bandlik darajasining oshishiga ham xizmat qilishini ta’kidladi.
Surxondaryo zaminida shakllanayotgan ana shunday muvaffaqiyatli kichik korxonalar kelgusida yirik iqtisodiy subyektlarga aylanishiga ishonch bildirilmoqda.








