Angor don qabul qilish shoxobchasi mavsumga tayyor
2025-05-14 11:30:00 / Yangiliklar

Ma’lumki, joriy yilda Angor tumanida 6 ming gektar maydonga don ekilgan bo‘lib, hududda 28 ta fermer xo‘jaligi va bitta g‘allachilikka ixtisoslashgan klaster faoliyat yuritmoqda. Vazir ushbu shoxobchada amalga oshirilgan ishlar, mavjud infratuzilma va texnologiyalar bilan tanishar ekan, don hosilini qabul qilish va saqlash jarayonlarida samaradorlik, xavfsizlik hamda shaffoflikni ta’minlash muhimligini alohida ta’kidladi.
Ayni paytda shoxobchada hosil qabul qilishga barcha sharoitlar yaratilgan. Omborxona to‘liq jihozlangan bo‘lib, hosilni qabul qilish va saqlash talablarga to‘liq javob beradi. Hosil qabul qilish platformasi ishga tushirilgan, ikkita kamera orqali nazorat tizimi shay holatda. Shuningdek, obyektda wi-fi aloqasi ta’minlangan bo‘lib, barcha jarayonlar onlayn rejimda amalga oshiriladi.
Shoxobcha 20 ming tonna hosilni qabul qilish imkoniyatiga ega. Joriy yil uchun belgilangan reja 15 363 tonnani tashkil qiladi. Bu rejani bajarish uchun barcha zaruriy tayyorgarlik ishlari yakuniga yetkazilgan. Yong‘in xavfsizligi, donni sifatli qabul qilish va saqlashga doir barcha talablarga qat’iy amal qilinmoqda.
Ayni vaqtda shoxobchada 12 nafar doimiy xodim va 8 nafar mavsumiy ishchi faoliyat yuritmoqda. Vazir Ibrohim Abdurahmonov shoxobchada qilinayotgan ishlar bilan tanishar ekan, elektron hisob-kitobni yuritishda shaffoflikni ta’minlash, ish jarayonlarining uzviyligini ta’minlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va tavsiyalarini berdi.
Tashrif yakunida vazir mas’ullarga don qabul qilish jarayonida sifat, tezkorlik va aniq hisobot berish tamoyillariga amal qilish lozimligini yana bir bor eslatib o‘tdi.








