Surxondaryoda 164 gektar maydonda sanoatlashtirilgan bog‘ tashkil etildi
2025-05-14 10:45:00 / Yangiliklar

Ayni paytda Surxondaryo viloyatida xizmat safarida bo‘lib turgan Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Angor tumanida joylashgan “Ravno Grow” MCHJga qarashli sanoatlashtirilgan bog‘ loyihasi bilan tanishdi. Mazkur loyiha mintaqaning agrar sohasidagi islohotlarga yangi sur’at baxsh etishi bilan ahamiyatlidir.
164 gektar maydonda barpo etilgan bog‘ suvni tejovchi zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan. Bu esa hududdagi suv resurslaridan samarali foydalanish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi. Bog‘da Ispaniyadan olib kelingan, eksportbop “Mikado”, “Magador” va “Flopria” navlari ekilgan bo‘lib, daraxtlar oralig‘iga tarvuz va qovun ekish orqali yer resurslaridan oqilona foydalanilmoqda.
Bog‘da o‘rik va shaftoli daraxtlarining ekilgani ham bejiz emas. Bu mevalar nafaqat eksportbop, balki Surxondaryo viloyatining iqlim sharoitida erta pishadigan navlar hisoblanadi. Loyiha tashabbuskorlarining qayd etishicha, 2026-yildan boshlab shaftoli va o‘rikdan mos ravishda 200 tonnadan hosil olish rejalashtirilmoqda.
E’tiborga molik jihati shundaki, mazkur 164 gektarlik yer maydoni ilgari foydalanilmagan adirlik bo‘lgan. Bugungi kunda esa tadbirkor tashabbusi bilan o‘zlashtirilib, sanoatlashtirilgan bog‘ga aylantirilgan. Loyiha nafaqat mintaqaning agrar salohiyatini rivojlantirish, balki yangi ish o‘rinlari yaratish orqali mahalliy aholining turmush darajasini oshirishga ham xizmat qilmoqda. Jumladan, bog‘da 30 nafar doimiy va 100 nafar mavsumiy ishchi uchun ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Yana bir muhim jihat shundaki, loyiha faqat bog‘dorchilik bilan cheklanmaydi. Umumiy 2000 gektar maydonda zamonaviy logistika markazi tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu esa mahsulot yetishtirishdan boshlab, uni qayta ishlash va eksportga tayyorlashgacha bo‘lgan barcha jarayonlarning bir joyda, tizimli tarzda olib borilishiga imkon yaratadi. Shuningdek, ortiqcha hosilni chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish ham nazarda tutilgan.









