Surxondaryo: xorijiy va mahalliy g‘o‘za navlarining vegetativ holati o‘rganildi
2025-05-13 12:50:00 / Yangiliklar

Tashrif dasturiga ko‘ra, vazir tumandagi “Ismoiltepa ziroatchi” hududida joylashgan “Abdurahmon” fermer xo‘jaligining 20 gektarlik konturiga ekilgan xorijiy “Xin Lu Zao” g‘o‘za navining vegetativ holatini ko‘zdan kechirdi. Mazkur navning o‘sish holati, suv va ozuqaga ehtiyoji, shuningdek, hosildorlik ko‘rsatkichlari yuzasidan mas’ullar bilan atroflicha suhbat olib borildi.
Ibrohim Abdurahmonov suhbat chog‘ida Surxondaryo viloyatining iqlim sharoiti, suv ta’minoti va tuproq xususiyatlarini inobatga olgan holda agrotexnik tadbirlarni samarali tashkil etish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi. Vazirning ta’kidlashicha, har bir nav uchun moslashgan parvarish usullarini joriy etish yuqori natijalarga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 20 gektarlik konturning 2 gektar qismi “qo‘choq maydon” sifatida alohida ajratilib, bu yerda mahalliy “Yuksalish” g‘o‘za navi yetishtirilmoqda. Ushbu konturga yondosh hududda joylashgan 8 gektarlik g‘o‘za maydonida amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlar ham vazirning e’tiboridan chetda qolmadi. Bu maydon shu tumandagi “Akmal” fermer xo‘jaligiga qarashli bo‘lib, u yerga “Ravnaq-2” mahalliy g‘o‘za navi 76 sxemada, plyonka ostiga tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida ekilgan. O‘rganishlar chog‘ida g‘o‘za navlari bir tekis unib chiqqani va samarali agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida amalga oshirilayotgani hisobiga yaxshi rivojlanayotgani ma’lum bo‘ldi.
Ibrohim Abdurahmonov xo‘jalik rahbarlari va agronomlar bilan muloqotda bo‘lib, tomchilatib sug‘orish tizimining samaradorligi, o‘g‘itlash, agrotexnika va profilaktik tadbirlar yuzasidan ham aniq va amaliy tavsiyalarini bildirdi.
Tashrif davomida so‘nggi yillarda qo‘llanilayotgan innovatsion texnologiyalar hamda qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirishga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlab o‘tildi.









