O‘zbekiston va Eron: innovatsiya va tajriba almashuvi – kelishuvlar markazida
2025-05-11 14:10:00 / Yangiliklar

Yig‘ilish doirasida ikki davlatning agrar sektordagi aloqalarini chuqurlashtirish, amaliy hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro savdoni yangi bosqichga olib chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar 2024-yilda o‘zaro mahsulot ayirboshlash hajmi 2023-yilga nisbatan 43 foizga oshgani qayd etdi.
Muhokamalar davomida savdo hajmidan ko‘ra, savdo tizimini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi. O‘simliklar karantini bo‘yicha ruxsatnomalar almashinuvi, veterinariya sohasidagi axborot integratsiyasi, eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash kabi masalalar barqaror mexanizmlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha hamkorlik qo‘mitasining alohida majlisini o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi. Bu tashabbus dolzarb muammolarni tezkor hal qilish, shuningdek, istiqboldagi yirik tashabbuslarni uyg‘un muvofiqlashtirish uchun yangi platforma yaratadi.
Uchrashuv doirasida Eron xususiy sektori ishtirokida O‘zbekistonda qator istiqbolli loyihalar bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi texnikasini O‘zbekistonda ishlab chiqarish, “Nutritech” brendi ostida 40 turdagi agrobiotexnologik vositalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, Eron mahsulotlari uchun ko‘rgazma va savdo maydonini tashkil etish, dron texnologiyasi asosida agroxizmatlar markazini yaratish, shu jumladan pilotlar va dispetcherlarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Hamkorlik faqat texnik va moliyaviy o‘lchovlar bilan cheklanib qolmadi. O‘zbekistonning 50–100 yillik pista bog‘larini yangilashda eronlik mutaxassislarni jalb etish, Toshkent davlat agrar universiteti hamda Eronning Ozod universiteti o‘rtasida qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish, kartoshkachilik sohasida Eronning ilg‘or tajribasini O‘zbekistonga transfer qilish kabi masalalar ham kun tartibidan o‘rin oldi.
Tomonlar bu kelishuvlar ikki davlat o‘rtasida nafaqat qishloq xo‘jaligida, balki umumiy strategik ishonchda ham yangi davrni boshlab berishiga ishonch bildirdi.