Yangi navlarni dehqonlarning dalalarida sinovdan o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi
2025-05-08 13:40:00 / Yangiliklar

Tashrif chog‘ida yangi seleksiya qilingan g‘alla, dukkakli ekinlar hamda paxta navlari ustida olib borilayotgan sinov ishlari bilan tanishildi. Hozirda xorijiy va mahalliy g‘o‘za navlari 76/10 sxema asosida yakkaqator tarzda ekilib, ilmiy asosda parvarish qilinmoqda. O‘sish jarayonlari me’yorida kechmoqda.
Vazirning ta’kidlashicha, navlarni fermer dalalarida sinovdan o‘tkazish ikki tomonlama foyda keltiradi. Ilm-fan amaliyot bilan bevosita integratsiyalashib, yangi navlarning samaradorligi bevosita dalada tekshiriladi. Fermer esa bu jarayonlarda faol ishtirok etib, nazoratni o‘z qo‘liga oladi. Bu esa nafaqat hosildorlikni oshirish, balki bilim va yondashuv sifatini ham yuqori bosqichga olib chiqadi.
Shuningdek, tajriba stansiyalarida an’anaviy texnologiyalar o‘rniga ilg‘or va hali fermerlar uchun yangilik bo‘lgan uslublar – avtomatlashtirilgan sug‘orish tizimlari, uchuvchisiz qurilmalar va zamonaviy ekish texnikalari joriy etilmoqda. Bu esa ilm bilan amaliyot o‘rtasida mustahkam bog‘liqlikni ta’minlab, fermerlarni zamonaviy innovatsiyalar bilan bevosita tanishtirish imkonini yaratadi.
— Biz yangiliklarni faqat qabul qilmasligimiz, balki ularni o‘zimiz ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish darajasiga yetishimiz zarur, — dedi Ibrohim Abdurahmonov. — Bu esa navlarimizning nafaqat ichki, balki tashqi bozorlarda ham raqobatbardosh bo‘lishiga zamin yaratadi.
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi sohasi ilm, texnologiya, tajriba va bozorga yo‘naltirilgan fikrlash madaniyatini o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli tushunchaga aylangan.









