Yuqori hosildorlikka erishishda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish muhim
2025-05-08 12:25:00 / Yangiliklar

Shu ma’noda, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning Samarqand viloyatiga ishchi tashrifi ham ushbu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasidir.
Tashrif doirasida vazir Pastdarg‘om tumanidagi “Tepa” fermer xo‘jaligi dala maydonlarida bo‘lib, g‘o‘zaning vegetativ holatini o‘rgandi. Fermer xo‘jaligida jami 114 gektar yer maydoni mavjud bo‘lib, shundan qariyb 30 gektariga xorijiy g‘o‘za navlari 76-sxemada qo‘shqator tarzda, zamonaviy Shinjon yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi asosida plyonka ostiga ekilgan. Ushbu innovatsion yondashuv suvdan tejamkor foydalanish, yer unumdorligini oshirish va hosildorlikni ko‘paytirishga xizmat qilmoqda.
Biroq o‘rganishlar davomida agrotexnologiya jarayonining ayrim bosqichlarida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Jumladan, ko‘chat sonining to‘g‘ri hisoblanmagani va plyonkada nihollar uchun qoldirilgan tuynuklar yetarlicha tekshirilmagani sababli ko‘pgina nihollar plyonka ostida qolib ketgan. Bu holat darhol muhokama qilinib, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, plyonka ostida qolib ketgan nihollarni qutqarish uchun shoshilinch agrotexnik amaliyotlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, himoya maydonlari tashkil etilishi borasida ham yetarli tashkiliy ishlar olib borilmagani qayd etilib, bu yo‘nalishda mas’ullarga qat’iy topshiriqlar berildi. Ma’lumki, Shinjon agrotexnologiyasi asosida xorijiy g‘o‘za navlarini yetishtirishda har bir konturda maxsus himoya maydonlarining mavjudligi juda muhim. Bu nafaqat ekinlarni tabiiy ofatlardan himoya qilish, balki agrotexnika talablari asosida parvarishlash uchun zarur sharoit yaratadi.
Prezident huzuridagi Paxtachilik kengashi tomonidan ishlab chiqilgan uslubiy qo‘llanmalarda va joylarda o‘tkazilayotgan amaliy seminarlarda ham aynan ushbu jihatlarga alohida urg‘u berilmoqda. Ammo ushbu ko‘rsatmalarni joylarda to‘g‘ri va samarali amalga oshirishgina kutilgan natijalarga olib keladi. Shu bois har bir fermer va mas’ul xodim belgilangan talab va tavsiyalarga qat’iy amal qilishi zarurligi yana bir bor eslatib o‘tildi.









