Qashqadaryo: g‘allachilikda ilm, tajriba va innovatsiya uyg‘unligi
2025-05-07 13:10:00 / Yangiliklar

Mazkur maydonda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan g‘allachilik sohasiga bag‘ishlangan Respublika ko‘rgazmali o‘quv-amaliy seminari o‘tkazildi. Unda Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamroyev, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agroinspeksiya rahbari Abror Vahobov, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Saidkarim Nishonboyev, Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyat hokimlarining suv va qishloq xo'jaligi masalalari bo'yicha o'rinbosarlari, tegishli soha mutasaddilari, olimlar va fermerlar ishtirok etdi.
Seminar davomida seleksiya ishlari, ilmiy innovatsiyalar, yangi bug‘doy navlarini yaratish, ularni mahalliy agroiqlim sharoitlariga moslashtirish hamda amaliyotga joriy etish borasidagi tajribalar keng muhokama qilindi.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov o‘z nutqida yarovizatsiya — yerni biologik faolligi va unumdorligi nuqtai nazaridan tiklash texnologiyasiga alohida e’tibor qaratdi. U yarovizatsiya usullarini keng joriy etish g‘alla yetishtirishda hosildorlikni kamida 20 foizga oshirish imkonini berishini qayd etdi. Shuningdek, bu boradagi ilmiy asoslangan va samaradorligi isbotlangan agrotexnik yechimlarni amaliyotga izchil tatbiq etish zarurligini ta’kidladi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan mahalliy bug‘doy navlarining ahamiyati, ularning iqlimga chidamliligi, yuqori hosildorlik salohiyati hamda hududlar bo‘yicha seleksiya va urug‘chilik tizimini takomillashtirish masalalari yuzasidan qator dolzarb takliflar ilgari surildi.
Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari ishtirokchilarga ilg‘or tajriba maydonlaridagi holat, urug‘lik g‘alla maydonlarida olib borilayotgan aprobatsiya ishlari, ya’ni yangi navlarning biologik va agrotexnik xususiyatlarini chuqur o‘rganish, ularning muayyan agroiqlim sharoitlarida qanday natija berishini baholash jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Ushbu ilmiy jarayon seleksiya natijalarining ishonchliligi va istiqbolliligini aniqlashda muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, institut mutaxassislari g‘o‘za maydonlarida joriy etilgan zamonaviy agrotexnik tadbirlar xususida ham atroflicha tushuntirish berdi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan amaliy ko‘rgazmalar orqali yer unumdorligini oshirish, resurslardan oqilona foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash hamda hosildorlikni ko‘paytirishga qaratilgan zamonaviy agrotexnik usullar namoyish etildi.
Qayd etish lozimki, ayni vaqtda institut dalalarida dunyoning 122 turdagi va mahalliy 5000 dan ortiq bug‘doy navlari sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu esa O‘zbekistonda g‘allachilikda ilmiy yondashuv va xalqaro tajribani uyg‘unlashtirish orqali agrar sohaga yangi texnologik bosqichni tatbiq etish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.
Mazkur seminar nafaqat ilmiy-amaliy jihatdan, balki fermerlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni innovatsion texnologiyalar bilan tanishtirish, ularni ilg‘or agro-uslublarni o‘z faoliyatida qo‘llashga undash nuqtai nazaridan ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Zero, bunday amaliy uchrashuvlar mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligida barqaror va izchil rivojlanishni ta’minlash yo‘lida muhim strategik bosqich bo‘lib xizmat qiladi.









