Yer bo‘sh tursa – foyda yo‘q: muammoga konstruktiv muloqot orqali yechim izlandi
2025-05-06 18:55:00 / Yangiliklar

Yillar davomida ushbu korxonaga ajratilgan yer maydonlarida dorivor, ozuqaviy, to‘qimachilik va sanoat sohalarida keng qo‘llaniladigan texnik kannabis yetishtirilib, zarur xomashyo ishlab chiqarib kelinmoqda.
Bugungi tashrif chog‘ida ishchi guruh yer resurslaridan yanada samarali foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Aniqlanishicha, ayrim tajriba maydonlarida hozirgi kunda ehtiyoj qolmagan. Shu munosabat bilan mazkur yerlarning ikkilamchi ijaraga berilishi yoki tuman zaxirasiga qaytarilishi masalasi muhokama qilindi.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov, tuman hokimi va korxona rahbariyati o‘zaro muloqot asosida yechim ishlab chiqdi. Kelishuvga ko‘ra, foydalanilmayotgan 2 ming gektarga yaqin yer maydoni dehqonlarga ajratiladi va bu yerda shirin makkajo‘xori yetishtirish rejalashtirildi. Bu tashabbus aholi bandligini oshirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim omil bo‘lishi kutilmoqda. Kuzda esa ushbu maydonlarda arpa ekilishi rejalashtirilgan.
Muhokama jarayonida vazir har qanday tashabbus puxta tahlil asosida ilgari surilishi kerakligini ta’kidladi. Chunki yer maydonlari bilan bog‘liq har qanday harakat kelajakda asossiz da’volarning oldini olish uchun qat’iy va mas’uliyat bilan amalga oshirilishi lozim.
Shuningdek, korxonaning investitsion majburiyatlari va eksport salohiyati saqlanib qolishi zarurligi alohida qayd etildi. Maqsad – samaradorlikka zarar yetkazmasdan, yer resurslaridan oqilona va maqsadli foydalanish modelini joriy etish.
Eslatib o‘tamiz, “RS Success Agro” MCHJ – O‘zbekistonda texnik kannabisni yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va tashish bo‘yicha rasmiy litsenziyaga ega bo‘lgan ilk kompaniya sanaladi. Ushbu mahsulot dorixona vositalari, hayvonlar uchun ozuqa, sellyuloza va ipak ishlab chiqarishda muhim xomashyo hisoblanadi.









