Sirdaryoda bioyoqilg‘i ishlab chiqaruvchi kompaniya faoliyati o‘rganildi
2025-05-06 17:30:00 / Yangiliklar

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi topshirig‘iga binoan Energetika vazirligi tashabbusi bilan Mirzaobod tumanida qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan 1000 gektar yer maydoni ajratilib, ushbu hududda pelet (bioyoqilg‘i) ishlab chiqarish maqsadida pavlovniya va boshqa tez o‘suvchi daraxt ko‘chatlari plantatsiyasi tashkil etilgan. Loyihaning amaliy ijrosi “Biopelet” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, korxona 2024–2025 yillar davomida ko‘chat yetishtirish va parvarishlash bo‘yicha zaruriy shartnomalarni imzolagan.
Hozirga kelib 500 gektar yer maydonida pavlovniya ko‘chatlari ekilgan bo‘lib, kuz oylarida yana 500 gektar yerga ko‘chat ekish rejalashtirilgan. Biroq, sug‘orish tizimlaridagi mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida vazir Ibrohim Abdurahmonov hududga tashrif buyurib, suv ta’minotini yaxshilash hamda irrigatsiya tizimlarini tashkil etish borasida mahalliy mutasaddilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Tashrif davomida ishchi guruh a’zolari bioyoqilg‘i ishlab chiqarish jarayonida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan pavlovniya ko‘chatlarini ekish va parvarishlash bosqichlari bilan bevosita tanishdilar. Shu bilan birga, loyiha doirasida mahalliy aholini ish bilan ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozirda plantatsiyada 20 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, mavsumiy ishlar davrida 300–500 nafargacha fuqaro vaqtincha ish bilan band etilishi ko‘zda tutilgan.
Alohida qayd etish joizki, yer maydonlari kontur asosida mahalliy aholiga ajratilgan bo‘lib, bu yondashuv ularning loyihadagi ishtirokini kuchaytirish, daromad manbalarini kengaytirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Tashrif yakunida ishchi guruh a’zolari tomonidan loyihaning joriy holati, amalga oshirilayotgan ishlar hajmi va istiqboldagi rejalar yuzasidan muhokamalar o‘tkazilib, tegishli tavsiyalar va qaydnomalar rasmiylashtirildi.









