Sabzavot ko‘chatlarini payvandlash o'zi nega kerak?
2025-05-05 15:55:00 / Yangiliklar

Ushbu jarayon o‘simlikning ustki qismi — ya’ni payvandustni boshqa bir ildizli o‘simlik — payvandtag bilan bog‘lash orqali amalga oshiriladi. Bu ikki qism o‘zaro birikib, yagona o‘simlik sifatida rivojlanadi.
Payvandlash ko‘chatlik bosqichida amalga oshiriladi va undan asosiy maqsad — ko‘chatni turli muhit sharoitlariga moslashtirish, kasalliklarga bardoshliligini oshirish va hosildorlikni ta’minlashdan iborat.
Payvandtag sifatida odatda kuchli ildiz tizimiga ega, sharoitga talabchan bo‘lmagan, tuproqdagi kasalliklar — jumladan, fuzarioz, nematoda, ildiz chirishi kabi xavfli omillarga bardosh bera oladigan navlar tanlanadi.
Shuningdek, bu navlar issiqqa, sovuqqa, sho‘rlanishga va boshqa turdagi ekologik stresslarga ham yaxshi moslashadi, ozuqa elementlarini faol singdiradi. Eng muhimi, bu ildiz navlari genetik jihatdan patogenlarga nisbatan tabiiy qarshilikka ega bo‘lishi lozim.
Bu jihatlar sababli payvandlangan o‘simliklar oddiy navlarga qaraganda ancha kuchliroq bo‘ladi, o‘sish tezligi yuqori bo‘ladi va hosil sifati yaxshilanadi.
Pomidor, bodring, baqlajon, tarvuz, qovun kabi ekinlar aynan payvandlash texnologiyasidan keng foydalaniladigan sabzavotlardir. Masalan, pomidor ko‘chati fuzarioz va ildizdagi zararkunandalarga qarshi chidamli baqlajon navlariga payvandlansa, u kuchliroq o‘sadi va hosil yuqori bo‘ladi.
Bodring esa sovuqqa va ildiz chirishiga bardoshli laginariya navlariga payvandlanadi. Bu usul natijasida nafaqat yuqori sifatli hosil olinadi, balki ekinlarning o‘sish davri ham uzayadi.
Payvandlash texnologiyasining muvaffaqiyati to‘g‘ri nav tanlash, kesish usulining aniqligi va jarayondan keyingi muhit sharoitining optimal bo‘lishiga bog‘liq. Ayniqsa, dastlabki 5–7 kun ichida yuqori namlik va harorat saqlanishi zarur.
Sanitariya va gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish — payvandlash muvaffaqiyatining muhim omillaridan biridir. Asboblar tozaligi, qo‘l gigiyenasi va harorat nazorati — bu texnologik bosqichlar aniq bajarilsa, payvandlangan ko‘chatlar sog‘lom va kuchli rivojlanadi.
