Agrar soha rivoji yo'lida yana bir qadam tashlandi
2025-05-02 14:30:00 / Yangiliklar

Tadbirni ochib bergan universitet rektori Narzulla Oblamurodov agrar sohaga malakali kadrlar tayyorlashda nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, bitiruvchi kadrlarni ish bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, u universitet faoliyati, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari haqida ham to‘xtaldi.
Ma’lumki, Toshkent davlat agrar universiteti – mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi uchun mutaxassislar tayyorlaydigan yetakchi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Bugungi kunda universitet 50 ga yaqin xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlamoqda. Har yili 400 nafardan ortiq talaba AQSh, Germaniya, Angliya, Janubiy Koreya, Polsha, Xitoy, Rossiya kabi mamlakatlarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tamoqda.
Uchrashuv davomida “Global Textile kompaniyalar guruhi” rahbari Muzaffar Razakov agroklasterning faoliyat yo‘nalishlari va istiqboldagi rejalariga to‘xtalib, iqlim o‘zgarishi, yer degradatsiyasi va suv tanqisligi sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda ilm-fan va innovatsiyaning tutgan o‘rni haqida fikr bildirdi.
Shuningdek, Toshkent davlat agrar universiteti hamda “Global Textile kompaniyalar guruhi” o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, qishloq xo‘jaligiga innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, yuqori hosil beruvchi ekinlarni yetishtirish, seminar-treninglar, xalqaro konferensiyalar va ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish, hamda agroklaster dalalarida ilmiy izlanuvchilar va talabalarning amaliyotini yo‘lga qo‘yish kabi loyihalar yuzasidan kelishuvga erishildi.
Tadbir yakunida Toshkent davlat agrar universiteti hamda “Global Textile kompaniyalar guruhi” o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi.









