Toshkent davlat agrar universitetida yapon tili kurslari yo‘lga qo‘yildi
2025-04-27 15:15:00 / Yangiliklar

Mazkur tashrif doirasida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi — JICA bilan erishilgan kelishuvlar natijasida Toshkent davlat agrar universitetida 2025-yil 1-apreldan boshlab yapon tili kurslari tashkil etildi. Darslar bevosita Yaponiyadan yuborilgan malakali mutaxassis — Sakio Sugaya boshchiligida olib borilmoqda. Endilikda universitet talaba va magistrantlari yapon tilini chuqur o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu nafaqat ularning til ko‘nikmalarini rivojlantirish, balki Yaponiya bilan mustahkam amaliy aloqalar o‘rnatish sari dadil qadamdir.
Mashg‘ulotlar mashhur “Minna no Nihongo” darsligi asosida intensiv tarzda olib borilmoqda. O‘quv jarayonlari zamonaviy texnika vositalari bilan jihozlangan maxsus xonada tashkil etilgani esa talabalar uchun qulay va samarali ta’lim muhitini yaratmoqda.
Yapon tilini puxta egallab, “JLPT Official Practice Test” sertifikatiga ega bo‘lgan yoshlar kelajakda Yaponiyaning nufuzli tashkilotlarida amaliyot o‘tash, hattoki doimiy ish faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu esa ularning nafaqat kasbiy o‘sishiga, balki xalqaro tajriba orttirishiga ham keng yo‘l ochadi.








