Ilmiy meros — kelajak muvaffaqiyatining kaliti
2025-04-26 16:10:00 / Yangiliklar

Vazir kutubxonaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida yangilash yuzasidan aniq topshiriqlar berdi. Zero, bilim va tajriba jamg‘arilgan bunday muassasalar agrar sohaning taraqqiyotida beqiyos ahamiyat kasb etadi. Vazir kutubxona xodimlarining fidokorona mehnatini e’tirof etar ekan, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash zarurligini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, kutubxona faoliyatining samaradorligini oshirish va foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish tezkorligini ta’minlash maqsadida elektron kitoblar fondini kengaytirish, internet-resurslar bilan hamkorlikni rivojlantirish takliflari ilgari surildi. 21-may — Kutubxonachilar kuni munosabati bilan esa maxsus tayyorgarlik ko‘rish va bu sanani munosib nishonlash bo‘yicha ham mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Tashrif davomida kutubxonaga zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish va elektron platforma yaratish zarurligi ham qayd etildi. Bu esa bilim resurslarini keng ommaga yetkazish va ilmiy merosni yanada faol o‘rganish imkoniyatini kengaytiradi. Ayniqsa, agrar ta’lim sohasida tahsil olayotgan talabalar, magistrantlar va doktorantlar uchun bu kutubxona bebaho ilm manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Respublika ilmiy qishloq xo‘jaligi kutubxonasida qishloq xo‘jaligi tarixini aks ettiruvchi nodir asarlar, ilmiy tadqiqotlar va qadimiy manbalar saqlanmoqda. Har bir sahifa ajdodlarimizning tuproqni qadrlash, suvni e’zozlash va hosildorlikni oshirish borasidagi tajribasidan darak beradi. Bu kutubxona — bizning tarixiy xotiramiz, agrar sohaning o‘tmishi, buguni va ertasi o‘rtasidagi mustahkam ko‘prikdir.
Bugun qishloq xo‘jaligi — nafaqat yer bilan bog‘liq mehnat, balki chuqur ilm va zamonaviy texnologiyalarni o‘zida mujassam etgan zamonaviy sohaga aylangan. Ana shunday sharoitda ilmiy kutubxonaning roli yanada ortmoqda. Chunki qishloq xo‘jaligi taraqqiyotining ildizlari ana shu bilim va tajriba xazinalarida mujassam.









