O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanmoqda
2025-04-26 15:35:00 / Yangiliklar

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik aloqalari hamda amaldagi loyihalarning joriy holati muhokama qilindi. Tomonlar oxirgi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida yo‘lga qo‘yilgan qo‘shma loyihalar samaralarini yuqori baholab, ularning amaliy natijalari haqida fikr almashdilar. Jumladan, golubika yetishtirish va parrandachilik loyihalari dastlabki ijobiy natijalarni bera boshlagani ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida hamkorlikni kartoshkachilik, chorvachilik, zig‘ir o‘simligini yetishtirish va gulchilik kabi istiqbolli yo‘nalishlarda kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, vazir Ibrohim Abdurahmonov Belarusning kartoshkachilik va sut mahsulotlari ishlab chiqarishdagi tajribasi O‘zbekiston uchun katta ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Shu munosabat bilan ushbu yo‘nalishlarda yangi loyihalarni joriy etish maqsadga muvofiqligi alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, uchrashuvda o‘zbekistonlik mutaxassislarni Belarusga yuborish orqali tajriba almashish, chorvachilik sohasiga raqamli va innovatsion texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Ta’kidlandiki, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirishda muhim rol o‘ynamoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar mavjud loyihalarni kengaytirish, yangi tashabbuslarni ilgari surish hamda qishloq xo‘jaligi sohasida ko‘p tarmoqli hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan aniq qadamlar va takliflarni ishlab chiqishga kelishib oldilar.



