O‘zbekiston va Rossiya agrar hamkorlikni kengaytirmoqda
2025-04-25 20:00:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi agrar sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan masalalar muhokama qilindi. Xususan, chorvachilik, urug‘chilik va yuqori malakali kadrlar tayyorlash yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar chorvachilikda genofondni yaxshilash, ozuqa bazasini mustahkamlash va Rossiyaning veterinariya texnologiyalari hamda biokimyoviy vositalarini O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Urug‘chilik sohasida esa tajriba almashish, iqlimga mos va yuqori sifatli urug‘lar bilan ta’minlash, shuningdek, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Kadrlar tayyorlash borasida Rossiyaning yetakchi agrar universitetlari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish, o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun amaliyot va malaka oshirish kurslarini tashkil qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Ilmiy anjumanlar va tajriba almashish tadbirlarini o‘tkazish masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi.
Uchrashuv yakunida tomonlar agrar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, aniq loyihalarni amalga oshirish va doimiy muloqotni davom ettirish bo‘yicha kelishib oldilar.








