RASMIY MUNOSABAT
2025-04-25 19:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ–455-sonli qarori 7-ilovasining 43.2-bandidan kelib chiqib, Qishloq xo‘jaligi vazirligining tarkibiy bo‘linmasi hisoblangan Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti zimmasiga 2025-yilda Hukumat qarorlarining ijrosini ta’minlash doirasida qator ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish vazifasi yuklatilgan.
Shunga muvofiq, institut tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 27-noyabrdagi O‘RQ–1005-son “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonuniga kiritilgan o‘zgartirishlarning 70-moddasi 1) va 2) bandlariga asosan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida yetti turdagi loyiha-qidiruv ishlari bajarilishi belgilangan. Mazkur ishlar institutning davlat xaridlari bo‘yicha yagona yetkazib beruvchi sifatida reyestrga kiritilgani asosida, qonuniy ravishda amalga oshiriladi.
Bajarilishi rejalashtirilgan ishlar quyidagilardan iborat:
1. Sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlarida tuproq kartalarini tuzish va tuproq sifatini baholash
– Asos: “Yer kodeksi”, “Davlat yer kadastri to‘g‘risida”gi Qonun, PQ–6061-son Prezident farmoni, PQ–277-son Prezident qarori.
2. Tuproqning agrokimyoviy tahlili va agrokimyoviy kartogrammalar tuzish
– Asos: Yuqoridagi qonun va farmonlar bilan bir qatorda PQ–4239-son Prezident qarori, VMQ–510-son Hukumat qarori.
3. Sug‘oriladigan yerlarning sho‘rlangan tuproqlarini xaritaga tushirish
– Asos: VMQ–343-son Hukumat qarori, PQ–277-son Prezident qarori.
4. Ekologik maydonchalarda tuproq monitoring tadqiqotlarini olib borish
– Asos: “Yer kodeksi”, “Davlat yer kadastri to‘g‘risida”gi Qonun, VMQ–496-son Hukumat qarori, PQ–277-son Prezident qarori.
Barcha ishlarda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga to‘liq rioya qilingan bo‘lib, 2025-yil 20-martda tuzilgan 2025–1 dan 2025–4 gacha bo‘lgan shartnomalarning V-bandida, xususan 1-bandida, tomonlarning korrupsiyaga qarshi qat’iy pozitsiyasi aniq belgilab qo‘yilgan.
Mazkur loyihalar nafaqat agrar sohada davlat siyosati ijrosining muhim tarkibiy qismi, balki yer resurslarini ilmiy asosda baholash, tuproq degradatsiyasiga qarshi samarali kurashish hamda tuproq unumdorligini oshirishga xizmat qiladi.
Ma'lumot o'rnida, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu boradagi barcha ishlarni qonuniy, ochiq va shaffof mexanizmlar asosida tashkil etgan bo‘lib, xalqimiz farovonligi va mamlakat agrar sektorining barqaror rivojlanishiga xizmat qiluvchi ilmiy asoslangan yondashuv asosida ish olib boradi.
