Ilg‘or texnologiyalar — zamonaviy fermer xo‘jaligi poydevori
2025-04-25 14:25:00 / Yangiliklar

Ta’kidlash lozimki, nafaqat tuman, balki viloyat miqyosida agrar sohada yetakchi o‘rin egallab kelayotgan ushbu xo‘jalik 3 000 gektarlik yer maydoniga ega. Joriy yilda uning 10 gektarida poliz ekinlari zamonaviy usul — plyonka ostida ekilgan bo‘lsa, 20 gektarlik hududda esa olma bog‘i tashkil etilgan.
Fermer xo‘jaligida ilg‘or agrotexnologiyalar keng qo‘llanilmoqda. Jumladan, energiya samaradorligini oshirish va ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish maqsadida quyosh panellari o‘rnatilgan. Bu tizim xo‘jalikning ichki ehtiyojlarini qondiribgina qolmay, ekologik toza ishlab chiqarish tamoyillariga ham mos keladi.
Poliz ekinlari yetishtirilayotgan hududda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan. Bu yerda, asosan, mahalliy tarvuz hamda “Gurvak” navli qovun urug‘lari plyonka ostida parvarishlanmoqda. Bunday usul o‘simliklarning o‘sish sur’atini oshirish, suv sarfini tejash, hosildorlikni ko‘paytirish hamda ekinlarni noqulay iqlimiy sharoitlardan himoya qilishda muhim rol o‘ynaydi. Shu bilan birga, barvaqt hosil olish imkoniyati ham yaratilmoqda.
Bog‘ hududida ekilgan “Golden” navli olma ko‘chatlari yuqori mahsuldorligi va bozor talabiga mosligi bilan ajralib turadi. Ko‘chatlar sifatli tanlab olingan bo‘lib, ularni parvarishlash bo‘yicha zarur agrotexnik tadbirlar reja asosida amalga oshirilmoqda.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishar ekan, fermer xo‘jaligidagi innovatsion yondashuvlarni ijobiy baholadi. Fermer xo‘jaligi rahbari hamda mas’ullar bilan suhbat davomida energiya samaradorligini oshirish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish va bozor talabiga javob beradigan ekin turlarini tanlash muhimligi haqida fikr almashildi.









