Issiqxonachilikda istiqbolli yondashuvlarning ahamiyati yuqori
2025-04-25 12:50:00 / Yangiliklar

Ushbu korxona o‘zining ilg‘or qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini tatbiq etish orqali viloyatning qishloq xo‘jaligi sohasida yangi bosqichga chiqmoqda.
“Gurlan Eksport” MCHJ 27 gektar maydonni egallab, pomidor, baqlajon, bodring va qulupnay kabi yuqori talabga ega sabzavot va mevalar yetishtiradi. Issiqxona hududida gidroponika usulidan keng foydalaniladi. 17 gektar maydonda to‘liq gidroponik tizim joriy etilgan bo‘lib, bu usul o‘sish jarayonini maksimal darajada samarali qilish imkonini beradi. Shu bilan birga, tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatilgan bo‘lib, bu sug‘orish jarayonini yanada tejashga xizmat qiladi.
Korxona faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri mahsulotlarni eksport qilishdir. “Gurlan Eksport” MCHJ mahsulotlarini asosan Rossiyaga yetkazib bermoqda, shuningdek, ichki bozorga ham sifatli mahsulotlarni taklif etadi.
Korxona 300 nafar doimiy ishchi xodimga ega bo‘lib, mavsum davomida ishchi xodimlar soni 500 nafargacha oshirilishi mumkin. Bu nafaqat mahalliy aholi uchun ish o‘rinlarini yaratishga, balki tuman iqtisodiyotining rivojiga hissa qo‘shishga yordam beradi.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov, korxonaning innovatsion usullari va yuqori sifatli mahsulotlarini e’tirof etgan holda, ishchi xodimlar sonini yanada oshirish va mahsulotlar eksportini kengaytirish bo‘yicha bir qator strategik takliflar ilgari surdi. U, shuningdek, issiqxona xo‘jaliklarida ilg‘or texnologiyalarni yanada kengroq joriy etish, yangi eksport bozorlariga chiqish imkoniyatlarini oshirish zarurligini ta’kidladi.
Albatta bu kabi issiqxona xo‘jaliklari, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va mahsulotlar eksportini kengaytirish orqali Xorazm viloyatining qishloq xo‘jaligi sohasida yangi bosqichga chiqish imkonini yaratadi.









