Har bir xonadon – baraka maskani
2025-04-25 11:00:00 / Yangiliklar

Tashrifning ilk manzili Gurlan tumanidagi “Vatanparvar” mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘lib, vazir bu yerda tajribali pillakor Manzura Razzoqovaning xonadonida bo‘ldi. Ushbu xonadon egasi o‘tgan yili to‘rt quti ipak qurti parvarishi orqali 300 kilogramm pilla hosili yetishtirgan. Joriy yilda esa bu ko‘rsatkichni takrorlash, hattoki oshirish rejalashtirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Vatanparvar mahallasi bugungi kunda “pillakorlar mahallasi” sifatida tanilgan bo‘lib, bu yerda deyarli har bir xonadon pillachilik bilan shug‘ullanadi. Bunday yondashuv aholining bandligini ta’minlashda, shu bilan birga, hudud iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Vazir mahalladagi faol pillakorlar bilan suhbat chog‘ida pillachilik — bu shunchaki hunar emas, balki mehnat, sabr-toqat va halol niyatga asoslangan, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlaydigan muhim yo‘nalishlardan biri ekanini alohida ta’kidladi.
Muloqot davomida pillachilikni yanada rivojlantirish, mahsuldorlikni oshirish, shuningdek, zamonaviy va innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, hududiy pillachilikni ilmiy asosda tashkil etish hamda ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar berildi.
Zero, har bir xonadon – baraka maskani. Pillachilik esa nafaqat mahalliy aholining bandligini ta’minlash, balki ularni barqaror daromad bilan ta’minlovchi va hudud iqtisodiyotini mustahkamlovchi strategik yo‘nalish sifatida tobora katta ahamiyat kasb etmoqda.







