Qoraqalpog‘istonda aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligi o‘rganildi
2025-04-24 13:30:00 / Yangiliklar

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tomorqa xo‘jaliklarida mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish orqali aholi daromadlarini oshirish, ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish tizimini yaratish maqsadida mahallalarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish bo‘yicha drayver yo‘nalishlar aniqlanib, ularni ma’lum bir mahsulot yetishtirish uchun ixtisoslashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Aynan “Halimbek” ovul fuqarolar yig‘ini kartoshka va piyoz yetishtirish bo‘yicha eng katta ko‘rsatkichga ega. Shu bois bu hududda ushbu mahsulot turlarini yetishtirish “drayver loyiha” sifatida belgilangan. Ovul hududidagi dehqon xo‘jaliklari va shaxsiy tomorqalarni qo‘shib hisoblaganda jami 270 gektar maydonga piyoz, 360 gektardan ziyod maydonga kartoshka ekilgan. Bu maydonlarda hosildorlikni oshirish maqsadida zamonaviy va innovatsion agrotexnik tadbirlarning joriy etilgani hamda tomorqachilikda o‘ziga xos maktab yaratilayotgani esa alohida mavzu.
Ibrohim Abdurahmonov aholi tomorqalarini ko‘zdan kechirish chog‘ida yer maydonidan qat’iy nazar har bir xonadonda bir sotix maydonda mo‘jazgina issiqxonalar tashkil etilganiga alohida e’tibor qaratar ekan, mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va aholi daromadlarini oshirishda bunday issiqxonalarning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi. Aytish kerakki, ushbu issiqxonalarda limon va qulupnay yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan.
Mutasaddilarning fikriga ko‘ra, ayni paytda aholi tomorqalarida yerlardan unumli foydalanish maqsadida nafaqat issiqxona sharoitida, balki ochiq maydonlarda ham qulupnay ekishni yo‘lga qo‘yish borasida keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Buning natijasida mahallada o‘z tomorqasida ochiq maydonlarda qulupnay yetishtiruvchilar soni oshayapti. Qulupnay yetishtirish hajmi oshsa logistika masalalari ham o‘zi-o‘zidan hal bo‘ladi. Bu esa yurtdoshlarimiz uchun qo‘shimcha daromad demakdir.
Ibrohim Abdurahmonov mahalladoshlar bilan suhbatda bo‘lib, ularning muammo va takliflarini eshitdi. Tomorqalardan samarali foydalanish, mahsulot turlarini diversifikatsiya qilish va ichki bozorga yetkazib berishni kuchaytirish yuzasidan zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, mas’ullarga ushbu tajribani boshqa tuman va ovullarda ham ommalashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.





