Har bir ishning o‘z vaqtida bajarilishi – soha rivojining garovi
2025-04-22 12:45:00 / Yangiliklar

Tashrif doirasida dastlabki manzil Bekobod tumanidagi “Toshkent Jingu” MCHJga qarashli 400 gektarlik yer maydonlari bo‘ldi. Ushbu maydonlarda xorijiy “Shinjon” g‘o‘za navi zamonaviy agrotexnologiya asosida ekilgan.
Biroq, xo‘rak maydonida amalga oshirilgan ishlar mavjud uslubiy qo‘llanmalarda tavsiya etilgan talablarga to‘liq mos kelmagan. Xususan, genetik jihatdan o‘zgartirilgan xorijiy navlar ekilgan bo‘lib, bu uslubda mahalliy, an’anaviy navlardan foydalanish ko‘zda tutilgan edi.
Vazir mazkur kamchiliklarga e’tibor qaratib, ularni bartaraf etish yuzasidan amaliy tavsiyalar berdi. Shuningdek, boshqa konturlarda chigit ekish ishlari belgilangan jadvaldan orqada qolayotganini tanqidiy qayd etib, “Toshkent Jingu” MCHJ rahbariyati, shuningdek viloyat va tuman qishloq xo‘jaligi boshqarmalari mutasaddilariga ekish ishlarini 3 kun ichida yakunlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning iqlim sharoitida har bir kechikkan kun – nafaqat hosildorlikka, balki butun yil davomida qilinadigan mehnat samaradorligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, global oziq-ovqat xavfsizligi tobora dolzarb bo‘layotgan hozirgi sharoitda har bir dehqon va fermer ishga bo‘lgan mas’uliyatini teran anglab, belgilangan agrotexnik muddatlarga qat’iy amal qilishi zarur.





