Dalaning har bir qarich yeri – mo‘l hosil manbai
2025-04-17 19:30:00 / Yangiliklar

120 gektar maydonga ega bo‘lgan ushbu paxta dalasining 15 gektariga xorijiy – xususan, Xitoy texnologiyasi asosida g‘o‘zaning zamonaviy navlari 76/10 sxemada, qo‘shqator usulda va plyonka ostiga ekilgani ma’lum bo‘ldi. Ayni paytda barcha zarur agrotexnik ishlar to‘liq bajarilgan.
Ekinlarni zararkunandalar va boshqa tashqi ta’sirlardan himoya qilish maqsadida dala hududida xo‘rak maydoni tashkil etilgan. Bu maydonlarda ekinlar ilmiy asosda, texnologik talablar bo‘yicha parvarishlanmoqda. Shubhasiz, bunday himoya zonalarining mavjudligi paxta navlarining sog‘lom o‘sishi va hosildorligini oshirishga xizmat qiladi.
Tashrif davomida tomchilatib sug‘orish tizimlarida ayrim kamchiliklar aniqlangani ta’kidlandi. Xususan, sug‘orish tizimi qo‘shqatorlar orasiga emas, balki egatlar orasiga o‘rnatilgani sababli suvdan foydalanish samaradorligi pasaygan. Mutaxassislar bu usulning agrotexnik talablariga zid ekanini alohida qayd etdilar.
Vazir mavjud muammolarni zudlik bilan bartaraf etish, bu borada paxtachilik kengashi olimlari va tajribali mutaxassislarni jalb qilgan holda ishlarni sifatli tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Shuningdek, xorijiy g‘o‘za navlarini plyonka ostida yetishtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan uslubiy qo‘llanmalardan keng foydalanish, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish masalalari yuzasidan ham tegishli ko‘rsatmalar berildi.








