O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi qishloq xo‘jaligining imkoniyatlariga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
2025-04-17 16:15:00 / Yangiliklar

Tadbirda so‘zga chiqqan Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Jamshid Abduzuhurov tuproqni muhofaza qilish, tuproq degradatsiyasi bilan bog‘liq muammolar va ularning yechimlarini olimlar hamda amaliyotchilar ishtirokida muhokama qilish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, u ilmiy va innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish hamda zaruriy choralarni amalga oshirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanini qayd etdi.
U, shuningdek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda tuproq degradatsiyasi oqibatlarini yumshatish va salbiy jarayonlarni bartaraf etish maqsadida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilganini alohida e’tirof etdi.
Tadbir doirasida Buyuk Britaniyada suratga olingan “Tuproqning olti dyuymi” nomli hujjatli film namoyish etildi. Film yosh fermerlarning tuproqni tiklash, uning salomatligini yaxshilash hamda mahalliy hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlash orqali oziq-ovqat ishlab chiqarish tizimini isloh qilish borasidagi sa’y-harakatlari haqida hikoya qiladi.
Barqaror dehqonchilik amaliyotlarini joriy etish bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribalar va innovatsion yondashuvlarni yoritgan ushbu film O‘zbekiston uchun ilhom va amaliy bilim manbai sifatida xizmat qilishi kutilmoqda.
Film namoyishidan avval “Tuproq, suv, hayot: O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishi va yer tanazzuli muammolarini yengish uchun resurs tejamkor va qayta tiklanuvchi qishloq xo‘jaligi tizimlariga o‘tish yo‘li” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda soha mutaxassislari agroekologik dehqonchilik amaliyotlarini O‘zbekistonning iqlim va landshaft sharoitlariga moslashtirish yo‘llarini muhokama qildilar. Ishtirokchilar qayta tiklanuvchi qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini kengaytirish orqali yerlarning degradatsiyasi va iqlim muammolariga qarshi kurashish, shu bilan birga, qishloq aholisi turmush darajasini oshirish imkoniyatlari haqida fikr almashdilar.
Tadbir Toshkent davlat agrar universitetining o‘quv-ilmiy tajriba xo‘jaligida o‘tkazilgan ramziy daraxt ekish marosimi bilan davom ettirildi. Ushbu tadbir mamlakatda yashil maydonlarni kengaytirish, ekologik holatni yaxshilash va barqaror qishloq xo‘jaligiga e’tibor kuchayib borayotganidan dalolat beradi.
Shuningdek, o‘quv-ilmiy tajriba xo‘jaligi hududida zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan “Meva va sabzavotlarni qayta ishlash va quritish laboratoriyasi”ning ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Mazkur laboratoriya “Hayot fanlari festivali” doirasida foydalanishga topshirildi hamda universitetning amaliy ilmiy-tadqiqot salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Laboratoriyada meva-sabzavotlarni saqlash, quritish, qayta ishlash, mahsulotlar sifatini baholash va ularga qo‘shimcha qiymat qo‘shish bo‘yicha zamonaviy usullarni o‘rganish imkoniyati yaratilgan. Bu esa talabalarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek, kichik agrobiznes loyihalarini sinovdan o‘tkazish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.









