Gilos festivali: agrar salohiyatning jonli namoyishi
2025-04-16 17:20:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasining Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Toshkent viloyati hokimligi hamkorligida yuksak saviyada tashkil etildi.
Festival doirasida O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy davlatlarning elchilari, elchixonalar vakillari, xalqaro tashkilotlar va ularning vakolatxonalari xodimlari ishtirok etdi. O‘zbekiston gilosining rang-barangligi, shirinligi va yuqori eksport salohiyati xorijiy mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Aytish kerak, “Gilos festivali” nafaqat milliy mahsulotlarimizni targ‘ib etish, balki xalqaro iqtisodiy, madaniy va diplomatik aloqalarni mustahkamlashning noyob maydoniga aylandi.
Mehmonlar “Hisorak Ilmir” xo‘jaligidagi zamonaviy intensiv bog‘larda yetishtirilayotgan gilos navlari bilan tanishdi, o‘z ko‘zlari bilan agroinnovatsiyalarni ko‘rib, yurtimiz qishloq xo‘jaligining yuksak salohiyatiga guvoh bo‘lishdi.
Festival doirasidagi taqdimotlar Parkent tumanidagi zamonaviy “Edelweiss Hotel & Resort” mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda O‘zbekistonning meva-sabzavot eksporti borasidagi imkoniyatlari, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan agrar islohotlar, jumladan, bog‘dorchilikda joriy etilgan ilg‘or texnologiyalar haqida keng qamrovli ma’lumotlar berildi.
Bu festival — O‘zbekistonning ochiqlik siyosati, qishloq xo‘jaligi diplomatiyasi va milliy mahsulotlarni jahon bozoriga olib chiqishdagi qat’iyatining yorqin namunasi bo‘ldi.









