Afg‘onistonda “Tuproq klinikasi” bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda
2025-04-16 17:05:00 / Yangiliklar

Mazkur tashrif Afg‘oniston bilan agrar sohadagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, istiqboldagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan. Xususan, joriy yil 15-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Afg‘oniston tomoniga topshirilgan “Tuproq klinikasi” mobil laboratoriyasidan to‘liq va samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida amaliy o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan Afg‘oniston Qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va chorvachilik vazirligi huzuridagi tuproq tahliliga ixtisoslashgan tashkilotning 20 nafar mutaxassisiga uslubiy va amaliy ko‘nikmalar o‘rgatilmoqda.
“Tuproq klinikasi” mobil laboratoriyasi orqali dalaning o‘zida ekin vegetatsiyasining turli bosqichlarida tuproqning meliorativ holatini, oziqa moddalari bilan ta’minlanganlik darajasini hamda boshqa agrokimyoviy ko‘rsatkichlarini tez va aniq aniqlash imkonini beradi.
Laboratoriya asbob-uskunalari yordamida harakatchan azot (ammoniy va nitratlar), harakatchan kaliy va harakatchan fosfor miqdorlari fotometrik usulda, sho‘rlanish darajasi konduktometrik usulda aniqlanadi. Shuningdek, tuproq reaksiyasi (pH), fizik yetilganlik darajasi (namligi, harorati, zichligi), shudgorlash chuqurligi, vegetatsiya davridagi sug‘orish me’yorlari va muddatlari aniqlanadi.
O‘tkazilayotgan tahlillar asosida ekinlar ehtiyojiga mos ravishda mineral va organik o‘g‘itlardan samarali foydalanish, sug‘orish tizimini ilmiy asosda tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.




