Tuproq unumdorligini oshirish yo‘lida muhim qadam
2025-04-14 18:30:00 / Yangiliklar

Mazkur loyiha O‘zbekistonning qurg‘oqchilikka moyil hududlarida ekotizimlarning barqarorligini ta’minlash, tuproq degradatsiyasining oldini olish, ekotizim xizmatlarini yaxshilash hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining xavfsizligini oshirishni maqsad qilgan.
Loyiha doirasidagi asosiy yo‘nalishlardan biri — agroekologik muhitni yaxshilash, yer va o‘rmon resurslaridan oqilona foydalanish orqali barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish hisoblanadi. Buxoro viloyatiga taqdim etilgan gaz xromatografi ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlab, tuproq va o‘simlik mahsulotlarini sifatli tahlil qilish imkonini yaratadi. Bu esa, o‘z navbatida, agroekotizimlarning barqarorligiga xizmat qiladi.
Zamonaviy texnologiyalar asosida olingan aniq ma’lumotlar fermerlar, olimlar va agroiqtisodiy mutaxassislarga yer resurslarini ilmiy asosda boshqarish bo‘yicha samarali tavsiyalar berish imkonini taqdim etadi.
Jihoz topshirish marosimi doirasida FAO mutaxassislari, Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti olimlari hamda qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari tomonidan zamonaviy laboratoriya texnologiyalarining tuproqni degradatsiyadan himoya qilish va mahsulot sifatini oshirishdagi o‘rni yuzasidan taqdimotlar va ma’ruzalar o‘tkazildi.
Tadbirda "Ongli Sayyora – Tuproqni Saqlash" harakatining vakillari, jumladan, Rossiya va MDH mamlakatlari koordinatori Rajagopal Sujata hamda Almagul Mamadaliyeva ishtirok etdi. Ular barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda tuproqni saqlash va uning sifatini doimiy nazorat qilishning dolzarbligini alohida ta’kidladilar. Ularning ishtiroki O‘zbekistonda xalqaro tuproqni muhofaza qilish tashabbuslari va ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatdi.
Buxoro viloyatiga taqdim etilgan gaz xromatografi kelgusida mamlakat miqyosida tuproq va o‘simlik mahsulotlari tarkibini chuqur tahlil qiluvchi laboratoriyalar tarmog‘ini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Bu esa barqaror qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti va ekotizimlarni muhofaza qilish yo‘lidagi muhim bosqich hisoblanadi.


