Daladan mo‘l hosil olish uchun ilmiy asoslangan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish juda muhim
2025-04-10 18:05:00 / Yangiliklar

Fermer xo‘jaligining 10 gektarlik dala maydoniga yangi agrotexnologiyalar asosida xorijiy g‘o‘za navi ekilmoqda. Yuqori hosildorlikka erishishda baraka urug‘larni plyonka ostida belgilangan sxema bo‘yicha qo‘shqator qilib ekish va tomchilatib sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish kabi yangi agrotexnologiyalar muhim ahamiyatga ega. Shu bois, bu yerda ham ushbu jihatlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Kezi kelganda, mamlakatimizning aksariyat hududlarida dalalarga baraka urug‘larini ekishni qisqa muddatlarda yakunlash maqsadida ish jarayoni qizg‘in kechmoqda.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov daladagi ish jarayonini ko‘zdan kechirish bilan birga, fermerlar va hududdagi qishloq xo‘jaligi mas’ullari bilan suhbatlashib, xorijiy g‘o‘za navlarini ekish va ularni parvarishlashda alohida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, o‘tgan yili tajriba tariqasida birinchi marta mamlakatimiz dalalariga ekilgan xorijiy g‘o‘za navlari, kasallik va zararkunandalarga chidamliligi hamda yuqori hosildorligi jihatidan o‘zini to‘la oqlagan edi.
Ibrohim Abdurahmonov mamlakatimizdagi urug‘chilik korxonalari tomonidan tayyorlangan xorijiy g‘o‘za navlari urug‘larining genetik-molekulyar tozaligi tekshirilishi, shuningdek, muvofiqlik sertifikatlari olinganidan so‘ng, ularni ekishga ruxsat berilishi kerakligini ta’kidladi.
Albatta, yaxshi niyatlar bilan har bir baraka urug‘ini yerga qo‘ygan holda, undan mo‘l hosil olishni umid qilamiz. Ushbu ezgu maqsadga erishish uchun yil davomida mehnat qilamiz. Har bir agrotexnik tadbirni soha olimlari tomonidan ishlab chiqilgan uslubiy qo‘llanmada ko‘rsatilganidek amalga oshirish bizning muvaffaqiyatimizga katta hissa qo‘shadi.


