O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi tizimi modernizatsiya qilinmoqda
2025-04-09 09:50:00 / Yangiliklar

Yangi O‘zbekiston sharoitida bu boradagi islohotlar tobora tizimli tus olmoqda. Xususan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, xalq salomatligini muhofaza qilish hamda eksport salohiyatini oshirish maqsadida respublikada keng ko‘lamli xalqaro loyiha boshlangan.
2025-yilning 8–10 aprel kunlari Toshkent shahrida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamkorligida “Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini kuchaytirish va savdosiga ko‘maklashish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari nazorati tizimini baholash” loyihasining kirish seminari va texnik treninglari ham buning ayni isboti.
Mazkur loyiha doirasida oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi tizimini dalillarga asoslangan ko‘p tomonlama yondashuv asosida tahlil qilish, nazorat organlari mutaxassislarining salohiyatini oshirish, milliy strategiyalar va harakat rejasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarovning ta’kidlashicha, loyiha xavfsiz va sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va tarqatishga oid samarali mexanizmlarni aniqlashga, shuningdek xalqaro standartlarga asoslangan takliflar ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Aytish joizki, xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlarini ta’minlash bugungi global tahdidlar — iqlim o‘zgarishi, ishlab chiqarish zanjirlarining murakkablashuvi va tizimlarning globallashuvi fonida yanada dolzarb tus olmoqda. Shu bois, O‘zbekistonda ushbu sohadagi islohotlarga ilmiy asoslangan va xavfga yo‘naltirilgan yondashuv joriy etilmoqda.
FAO mutaxassisi Meri Kenni O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha olib borilayotgan qonunchilik islohotlarini yuqori baholab, ushbu tashabbuslar nazorat tizimining samaradorligini oshirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Loyiha yakunida ishlab chiqiladigan milliy oziq-ovqat xavfsizligi strategiyasi va harakatlar rejasi mamlakatda zamonaviy, barqaror va xalqaro talablar asosida faoliyat yurituvchi nazorat tizimini shakllantirishga zamin yaratadi. Bu esa, o‘z navbatida, aholining salomatligi va farovonligini ta’minlash, eksport hajmini oshirish va xalqaro bozorlarda O‘zbekistonning ishonchli hamkor sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.







