Bahorgi mavsumda tuproqqa qanday ishlov berish foydali? O’zi, tuproq nega siqiladi?
2025-04-07 08:35:00 / Yangiliklar

Bunga bir nechta omillar sabab bo‘ladi: ho‘l sharoitda og‘ir texnikani yuritish, mavsumiy yoki uzluksiz chorva boqish, doimiy yuzaki yumshatish va kuchli yog‘ingarchiliklar. Bunday holatlarning oldini olish uchun tuproqni ehtiyotkorlik bilan boshqarish zarur.
Siqilgan tuproqni boshqarishning bir necha samarali usullari mavjud. Eng avvalo, chuqur yumshatish texnikalaridan, masalan, “subsoiler” yoki “disk-ripper” kabi asbob-uskunalardan foydalanish mumkin. Bu texnikalar tuproq qatlamini ag‘darmasdan, havodorligini yaxshilaydi va siqilishni kamaytiradi.
Texnikalarni dalada harakatlantirishda ham ehtiyot bo‘lish muhim: imkon qadar og‘ir texnikani ekin maydonlaridan chekkaroqda yurgizish kerak. Mashinalar har doim belgilangan normalarda, to‘g‘ri shinalar bosimi bilan ishlatilishi zarur. Har haftada shinalar bosimini tekshirib turish shart.
Bundan tashqari, chuqur ildiz otadigan yashil o‘simliklarni ekish ham tuproq unumdorligini tiklashda juda foydali. Bunday o‘simliklar ildizlari nafaqat siqilishni kamaytiradi, balki tuproqqa organik moddalarni singdirib, foydali mikroorganizmlar faoliyatini oshiradi.
Shuningdek, ho‘l tuproqda texnika ishlatishdan qat’iyan saqlanish zarur. Bahor faslida yomg‘irsiz davrni sabr bilan kutish va tuproq yetarlicha quriganidan keyin dala ishlariga kirishish kerak. Aks holda, nam tuproq ustida og‘ir texnikalarni harakatlantirish uzoq yillik mashaqqatlarga sabab bo’lishi mumkin.
