Jizzax: gidrogel texnologiyasini joriy etish tajribasi
2025-04-02 21:30:00 / Yangiliklar

Mazkur fermer xo‘jaligida 70 gektar yer maydonidan 2,5 gektarida sinov tariqasida gidrogel texnologiyasidan foydalanilmoqda. Ushbu innovatsion yondashuv tuproq namligini uzoq muddat saqlash, suv sarfini kamaytirish hamda hosildorlikni oshirishga xizmat qilishi aytilmoqda.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, gidrogel qo‘llangan hududda gektaridan 1 sentner yuqori hosil olingan bo‘lib, kelgusi yillarda bu ko‘rsatkich 5-10 sentnergacha oshishi kutilmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, gidrogel tuproqda namlikni ushlab turish orqali bug‘lanish jarayonini kamaytirib, o‘simliklarning suvga bo‘lgan ehtiyojini samarali qondirish imkonini beradi.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov gidrogel texnologiyasining suv resurslarini tejash, tuproq unumdorligini oshirish va hosildorlikni barqaror saqlashdagi ahamiyatini alohida qayd etib, bu kabi samarali usullarni kengroq joriy etish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, vazir gidrogel texnologiyasining kelajakdagi istiqbollari haqida ham to‘xtalib, ushbu usulni boshqa hududlarda ham keng joriy etish zarurligini bildirdi. Fermerlar va mutaxassislar bilan o‘tkazilgan suhbat davomida texnologiyaning afzalliklari, uni keng ko‘lamda tatbiq etish yo‘nalishlari va kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Tashrif yakunida vazir gidrogel texnologiyasini yanada rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda yangi usullarni joriy etish va fermerlarga amaliy yordam berish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga tavsiyalar berdi. Ushbu innovatsion yondashuvning mamlakat qishloq xo‘jaligidagi o‘rni yildan-yilga ortib borayotgani va bu usul suv tanqisligi sharoitida eng samarali yechimlardan biri ekanini alohida ta’kidladi.









