Qishloq xo'jaligida yerdan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar
2025-04-01 13:00:00 / Yangiliklar

Yangi tartib-qoidalar va o'zgarishlar:
🔹 Elektron auksionlar: Yerlarni ijaraga berish uchun o‘tkaziladigan elektron onlayn auksion savdolarining xabarnomalarini e'lon qilish muddati qisqartirildi. Endilikda bu muddat 15 kundan 5 kunga, takroriy savdolarda esa 5 kundan 1 kunga qisqaradi. Takroriy savdolar faqat bir nafar arizachi ariza topshirgan bo‘lsa, unga e'lon qilingan narxda lotni sotib olish huquqi beriladi. Har bir takroriy savdoda lot narxi 10 foizdan 20 foizgacha pasaytirilishi mumkin.
🔹 To'lovlarni to'liq amalga oshirish: 2025-yil 1-apreldan boshlab, yer uchastkalariga ijara huquqini olish uchun to'lovlarni bo'lib-bo'lib to'lash tartibi bekor qilinadi. Endi barcha to'lovlar 15 ish kuni ichida to'liq amalga oshirilishi shart. To'lovni o'z vaqtida amalga oshirmaganlarga hech qanday chegirmalar berilmaydi.
🔹 Chorva ekinlari uchun yerlar: 2025–2026-yillarda auksion savdolariga chiqariladigan yerlarning o'rtacha 10-20 foizi chorva uchun ozuqa ekinlarini ekish sharti bilan ijaraga beriladi. Bu esa, o‘z navbatida, qishloq xo‘jaligida samarali yer foydalanishning yangi bosqichini boshlab beradi.
Ijara shartnomalariga kiritilgan yangi o'zgarishlar:
Qaror kuchga kirguniga qadar, ilgari ijara shartnomasi asosida berilgan yerlar bo‘yicha qo‘shimcha to‘lovlar yoki ijara to‘lovlari teng taqsimlanadi. Agar ijara muddati o‘tgani va qarzlari bor ijarachilar bo‘lsa, bu masalalar yangi shartnoma asosida hal qilinadi.
Majburiyatlarni bajarishda qiynalayotgan ijarachilarga yordam:
(a) Agar ijarachilar o'z majburiyatlarini bajarishda qiynalayotgan bo'lsa, ularning yerga bo‘lgan huquqlari tuman hokimi ishtirokida uch tomonlama shartnoma asosida boshqa shaxsga (yoki yana bir bor qayta ijara qilish) o‘tkazilishi mumkin.
(b) 2022-yil 1-yanvardan 2023-yil 15-aprelgacha o'tkazilgan ochiq elektron tanlovlarda g'olib bo'lib, “Temir daftari”, “Ayollar daftari” yoki “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar uchun qo'shimcha to'lovlar miqdori yerning normativ qiymatining bir barobariga teng bo‘ladi. Boshqa fuqarolar uchun bu miqdor normativ qiymatning to‘rt barobari sifatida belgilanadi.
Qaror bilan dehqon xo‘jaligini tashkil qilish uchun katta mablag‘ bilan ochiq tanlovda g‘olib bo‘lgan fuqarolarning to‘lovlari normativ qiymatning 4 barobariga tushirildi. Bugungi kunda 391,881 ta dehqonning muammosi hal etilmoqda.
