Kosonda tomorqachilik rivoj topmoqda: dehqonlar daromadi ortmoqda
2025-03-25 12:20:00 / Yangiliklar

Koson tumani aholisi azaldan sabzavotchilik bilan shug‘ullanib keladi. Shu bois qo‘shni viloyatlar, xususan, Samarqand bozorlariga ham katta miqdorda sabzi yetkazib berib, narxning arzonlashishiga hissa qo‘shmoqda.
Mahalla hududida sabzini yuvish va saralash jarayonlari zamonaviy texnika yordamida amalga oshirilmoqda. Shu yerning o‘zida mahsulotlar qoplarga joylanib, bozorlarga jo‘natilmoqda.
Shuningdek, bino orqasidan oqib o‘tuvchi ariq bo‘yida o‘rdakchilik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu tashabbus kam ta’minlangan oilalar uchun yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilmoqda.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov mahalla hududi va aholi xonadonlarida olib borilayotgan ishlarni yuqori baholab, o‘rdakchilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Mahallada chorvachilik ham yo‘lga qo‘yilgan. Mahalla oqsoqoli tashabbusi bilan xonadonlardagi sut markazlashgan tartibda yig‘ilib, yirik qayta ishlovchi korxonalarga yetkazib berilmoqda. Ushbu jarayon mahalla yettiligi tomonidan boshqarilmoqda.
Mahalladagi 600 dan ortiq xonadonda asosan ertaki sabzi va sholg‘om yetishtirilib, sotuvga chiqarilmoqda. Mahalla raisining hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu mahsulotlarni yetishtirish natijasida har bir xonadon o‘rtacha 70–75 million so‘m daromad qilmoqda.
Ko‘rinib turibdiki, qishloq xo‘jaligida puxta reja asosida mehnat qilgan inson daromadini oshirib, oilasining farovonligini ta’minlamoqda.









