Loviyaning biologik xususiyatlari. Uni qay tartibda ekish samara beradi?
2025-03-25 06:40:00 / Yangiliklar

U tuproqqa talabchan, unumdor, tuproq muhiti pH 6,5-7,0 da o‘sadi. Loviya turlarining orasida kam sho‘rlangan tuproqlarda mosh, tepari va lima turlari ekiladi. O‘sish davri 75-120 kun.
Loviya kuzgi don ekinlaridan, kartoshka, sabzavot, makkajo‘xori, sholi va boshqa ekinlardan bo‘shagan yerlarga ekiladi. Bahorda ekish uchun yer kuzda haydaladi.
Ekishgacha begona o‘tlar ko‘payib tuproq qotib qolgan bo‘lsa, yoppasiga avval diskalanadi, keyin kultivatsiya qilinadi. Yer yetilganda 22-25 sm chuqurlikda haydaladi.
Yer haydashdan oldin gektariga 40-60 kg sof modda hisobida fosfor va 20-40 kg kaliy solinadi. Shonalash va gullash davrida 20-30 kg fosfor va 10-20 kg kaliy solinadi.
Tuproqda chirindi va azot miqdori kam bo‘lsa, azotli o‘g‘itlar qo‘llaniladi. Azotli o‘g‘itlarni ekishdan oldin va o‘sish davrida solish mumkin, me’yori 20-30 kg. Azotli o‘g‘it me’yordan oshib ketmasligi lozim.
