Yakkabog‘da qorabayir otlari ko‘paytirilmoqda
2025-03-24 19:50:00 / Yangiliklar

Ma’lumki, yilqilar asosan keng yaylovlarda boqiladi. Biroq mamlakatimiz hududida tabiiy yaylovlarning cheklanganligi sababli otlar, asosan, voha viloyatlari va tog‘li hududlarda ko‘paytirib kelinadi. So‘nggi yillarda esa Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham yilqichilikni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yakkabog‘dagi naslchilik xo‘jaligida asosan qorabayir zotli otlarni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunki qorabayir zotlari chidamliligi, ishchanligi, jismoniy baquvvatligi hamda mahalliy iqlim sharoitlariga moslashuvchanligi bilan ajralib turadi.
Ibrohim Abdurahmonov xo‘jalik faoliyati bilan tanishar ekan, bu yerda yilqichilikda zamonaviy uslublarni qo‘llash orqali yuqori samaradorlikka erishilayotganini ta’kidladi. Bugungi kunda xo‘jalikda 300 bosh qorabayir oti parvarishlanmoqda va ularning sonini ko‘paytirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, naslli otlarni ko‘paytirish jarayonida xorijiy tajribani joriy etish, parvarishning ilg‘or usullaridan foydalanish hamda har bir otga alohida e’tibor qaratish lozimligi yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiyalar berildi.





