Milliy liboslar kuni – qadriyatlar va milliy iftixor
2025-03-14 18:00:00 / Yangiliklar

Bu tashabbusga davlat idoralari, tashkilot va muassasalar faol qo‘shilmoqda. Xususan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi jamoasi ushbu kunga katta e’tibor qaratib, o‘zbek milliy liboslarini kiyib ish joylariga tashrif buyurdilar. Xodimlarning atlas, adras, bekasam kabi matolardan tikilgan kiyimlari nafaqat milliy uslubni namoyon etdi, balki ish muhitiga o‘zgacha fayz va ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
E’tiborlisi, ushbu kunda nafaqat xotin-qizlar, balki erkaklar ham milliy liboslarda ishtirok etib, qadriyatlarimizga hurmat bilan yondashayotganliklarini ko‘rsatdilar. Erkaklarning do‘ppi, chopon va belbog‘ bilan bezatilgan milliy kiyimlari o‘ziga xos latofat bag‘ishlab, milliy madaniyatimizning betakrorligini yana bir bor namoyon etdi.
“Milliy liboslar kuni” nafaqat tashqi ko‘rinish, balki milliy o‘zlikni anglash, tarixiy merosimizga hurmat bilan qarash va uni kelajak avlodga yetkazish kabi maqsadlarga ham xizmat qiladi. Shu bois, bunday tashabbus nafaqat davlat idoralarida, balki turli tashkilot va muassasalarda ham keng joriy etilishi maqsadga muvofiqdir.









