Urug‘lik chigitlarni sifatli tayyorlash hosildorlikka ijobiy ta’sir etadi
2025-03-06 21:30:00 / Yangiliklar

Mazkur korxona tomonidan joriy yilda mahalliy g’o’za navlaridan 1047 tonna, mahalliy sharoitda yetishtirilgan xorijiy g’o’za navlaridan esa 85 tonna urug’lik chigitlar tayyorlangan. Ayni paytda ular ekish uchun tayyor holga keltirilgan.
Hozirgi kunda korxonadagi zamonaviy, ixtisoslashtirilgan urug’lik chigit tayyorlash bo’limlarida kelgusi yil hosili uchun tindirilgan urug’lik chigit tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda. Vazir ushbu jarayon bilan tanishar ekan, olib borilayotgan sa’y-harakatlarni qoniqarli deya baholadi.
Qayd etish lozim, umumiy viloyat kesimida hisoblaganda o’tgan yil hosilidan qoldiqdagi 496 tonna tindirilgan mahalliy urug’lik chigit, 25 tonna xorijiy urug’lik chigit zaxirasi mavjud bo’lib, hozirda ushbu tindirilgan urug’lik chigitlar standart talablarga muvofiq omborlarda ekish uchun tayyor holda saqlanmoqda.
Bundan tashqari joriy mavsumda viloyat tumanlaridagi dala yerlarida yetishtirish uchun Xitoy Xalq Respublikasidan 162 tonna urug’lik chigitlar olib kelingan. Ayni paytda ushbu navlarni ham ekishga tayyorlash, qayta ishlash va sifat darajasida saqlashga doir ishlar olib borilmoqda.
Vazir barcha jarayonlarni ko’zdan kechirib, mas’ullarga agroklasterlar bilan ishlashda uzviylikni ta’minlash, urug‘lik chigitlarga kimyoviy ishlov berish, dorilash davomida zamonaviy texnologik uslublarni qo‘llash va ishni samarali tashkil etishga doir qator vazifalar tayinladi.