Tokzorlardagi tuproqqa ishlov berish va hosildorlikni oshirishga doir tavsiyalar
2026-04-02 11:00:00 / Yangiliklar

Kuz faslida tuproqqa 25–30 sm chuqurlikda ishlov berish natijasida tuproq namni yaxshi saqlaydi va begona o‘tlarning rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaydi. Agar kuzda bunday ishlov berilmagan bo‘lsa, bahorda mexanizatsiya usulida toklarni chala ochish bilan birga yer haydaladi.
Keyin qator oralari tekislanib, kultivatsiya yoki boronalash ishlari olib boriladi. O‘sish davrida tuproqni begona o‘tlardan tozalash va undagi namlikni saqlash uchun qator oralariga 10–12 sm chuqurlikda 3–4 marotaba ishlov berish talab etiladi.
Mexanizmlarning ko‘p marotaba o‘tishi va sug‘orish natijasida qator oralari zichlashib boradi, bu esa tokning o‘sishi va hosildorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Buni oldini olish uchun MPV mashinalaridan foydalanib, tuproqni uch iz bo‘ylab har yili 35–40 sm chuqurlikda yumshatish tavsiya etiladi.
Bu usul ildiz tizimini shikastlamay, markaziy yumshatkich yordamida tuproqni 55–60 sm chuqurlikda qayta ishlash imkonini beradi. Natijada tuproqning suv-havo rejimi yaxshilanib, tokning ildiz tizimi faol rivojlanadi va hosildorlik 35–40 % ga oshadi.
Lalmi tokzorlarda bahorda chuqur yumshatish ishlari olib borilib, keyinchalik o‘sish davrida 18–20 sm chuqurlikda yumshatish muntazam davom ettiriladi. Ushbu jarayon MPV, NYu-18, UOM-50 va pnevmatik tok ochqichlar yordamida amalga oshiriladi.
