Asosiy kontentga o'tish

Limon daraxtining guli ko‘p to‘kilsa, qanday choralar ko‘rish kerak?

2025-03-02 10:00:00 / Yangiliklar

Limon daraxti yil davomida 3-4 marta gullaydi. Biroq aynan birinchi gullash (aprel-may) va ikkinchi gullash (iyun-iyul) hosil uchun muhim sanaladi. Ba’zi sabablarga ko‘ra limon daraxti birinchi gullashda gullarning ko‘p qismini to‘kib yuborishi mumkin.

 

Masalan, agar daraxt qish davomida sovuqdan zararlangan bo‘lsa, bahorda barg va gullarini tashlab yuborishi ehtimoli yuqori. Limon yorug‘likni sevuvchi o‘simlik bo‘lgani uchun ortiqcha namlik va yorug‘lik yetishmovchiligi hosildorlikka salbiy ta’sir qiladi.

 

Agar daraxt qishda ko‘p barg yo‘qotgan bo‘lsa, bahorda yangi barg chiqarish bilan band bo‘lib, dastlabki gullaridan meva tutib qololmaydi. Shu bois daraxtning sog‘lom barg chiqarganiga ishonch hosil qilish, o‘z vaqtida sug‘orish, shamollatish va himoya tadbirlarini amalga oshirish lozim.

 

O‘g‘itlarning to‘g‘ri balanslanmasligi daraxtning meva tugishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, kaliy yetishmovchiligi eng katta muammo hisoblanadi. Kaliy o‘g‘iti limon daraxtining mevalarni ushlab qolishiga ijobiy ta’sir qiladi.

 

Shuningdek, azot va fosfor yetishmovchiligi ham daraxtning zaiflashishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli limon daraxti uchun kaliyga boy o‘g‘itlar va maxsus mineral aralashmalar berish tavsiya etiladi. O‘g‘itlash bahor va yoz fasllarida tartibli ravishda olib borilishi lozim.

 

Shu bilan birga, issiqxonalardagi harorat nazoratini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish kerak. Agar kunduzgi havo harorati 0℃…+5℃ dan yuqori bo‘lsa, issiqxona eshik va romlari ochilib, havoning yangilanishi ta’minlanishi kerak. Tunda esa qo‘shimcha issiqlik manbalaridan foydalanish tavsiya etiladi.

217

Oxirgi yangilanish: 2025-03-01 22:35:50

Limon daraxtining guli ko‘p to‘kilsa, qanday choralar ko‘rish kerak?