Makkajo‘xori maydonlarida makkajo‘xori parvonasi va g‘o‘za tunlamiga qarshi kurash choralari
2025-02-20 09:30:00 / Yangiliklar

Zararkunandalarning tuxumiga qarshi trixogramma tarqatishni feromon tutqichga bir sutkada 1-2 ta kapalak tushgandan boshlash lozim. Bunda gektarga 3 kun oralatib 1-1,5 grammdan qo‘yilishi lozim. Agarda kapalaklar soni bir sutkada 7-8 donani tashkil etsa, biomahsulot qo‘yish me’yorini 2 barobarga oshirish lozim. Trixogamma 5x5 m sxemada bir gektarda 400 nuqtaga qo‘yilishi kerak.
Zararkunandalarning o‘rta va katta yoshdagi qurtlariga qarshi Brakon parazitini 4-5 kun oralatib 1:20, 1:10; 1:5 nisbatlarda 3 marta qo‘yilishi kerak. Dalaga chiqarib qo‘yishda qurtning zichligidan kelib chiqqan holda 2 yoki 3 litrlik bankalarda bir gektarga yetadigan miqdordagi Brakon entomofagini olib, har 50 metr masofada 30 sekundga qopqog‘i ochiladi, entomofag esa uchib chiqib tarqala boshlaydi.
Makkajo‘xori maydonlarida makkajo‘xori parvonasi va g‘o‘za tunlamiga qarshi kimyoviy vositalardan "Sipermetrin 25%" (0,3 l/ga), "Emamektin benzoat 5%" (0,4 kg/ga), "Emamektin benzoat 10%" (0,175-0,225 kg/ga), "Emamektin benzoat 100" g/kg + "Abamektin 50" g/kg (0,2 kg/ga), "Profenofos 650" g/l + "Sipermetrin 100" g/l (1,0 l/ga), "Deltametrin 5%" (0,1 l/ga), "Sipermetrin 5%" + "Xlorpirifos 50%" (1,5 l/ga) ta’sir etuvchi moddali preparatlar tavsiya qilinadi.
