Hosil bayrami: soha fidoyilari munosib taqdirlandi
2024-12-08 13:30:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 25-avgust kuni imzolagan “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni etib belgilangan. Shundan buyon mazkur sana agrar sohada mehnat qilib kelayotgan yurtdoshlarimiz tomonidan keng nishonlab kelinmoqda.
Bayram tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qishloq xo‘jaligi xodimlariga bayram tabrigini Prezidentning matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.
Unda jumladan, "Qadrli do‘stlar! 2025-yilni mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” deb e’lon qilganimiz albatta bejiz emas. Butun taqdiri va istiqboli yer-suv resurslari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan qishloq xo‘jaligi uchun bu qarorning ahamiyati qanchalik katta ekanini siz, azizlar ayniqsa yaxshi tushunasiz.
Hech shubhasiz, mazkur yil bo‘yicha qabul qilinadigan davlat dasturi sohani barqaror rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligida “yashil” texnologiyalarni qo‘llash, ekologik toza mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha yangi imkoniyatlar ochadi.
Agrar sohani ilm-fan asosida rivojlantirishni tizimli yo‘lga qo‘yish, uning barcha tarmoqlaridagi innovatsion faoliyatni integratsiyalash maqsadida kelgusi yili O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasini tashkil etamiz. O‘tgan yillardagi ijobiy tajriba davom ettirilib, yana 100 ming gektar yer dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun aholiga bo‘lib beriladi. Paxtachilikda 40 foiz maydonda Xitoyda o‘zini oqlagan ilg‘or tajriba joriy etiladi" deyilgan.
Shuni alohida e’tirof etish kerakki, joriy yilgi "Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni – “Hosil bayrami” 8-dekabr O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun bilan birgalikda nishonlanishi ham bejiz emas.
Zero, yildan yilga qishloq xo‘jaligida mehnat qilayotgan dehqonlar va fermer xo‘jaligi rahbarlarining faoliyati huquqiy jihatdan mustahkamlanib, qonuniy asoslar yaratib berilmoqda. Joriy yilning o‘zida agrar va oziq-ovqat sohalarida jami 137 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilib, 6 ta Qonun, Prezidentning 19 ta Farmon va Qarori, 14 ta idoraviy hujjatlar qabul qilindi.
Bayram tadbirida so‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishlari, tabiiy ofatlar, yer va suv resurslari taqchilligi qishloq xo‘jaligi sohasida ham jiddiy muammolarni keltirib chiqarayotgani, ana shunday murakkab sharoitga qaramasdan, joriy yilda yurtimizda 9 million tonna don, 3 million tonnadan ortiq paxta, 16 million tonnadan ziyod sabzavot va poliz, 5 million tonna meva va uzum, 4 million tonna kartoshka, 15 million tonnadan ko‘p go‘sht va sut, 30 ming tonna pilla yetishtirilgani e’tirof etildi.
Albatta, bu bobodehqonlarimizning mashaqqatli mehnati, agrar soha mutasaddilarining uzoqni ko‘ra bilgan rejalari, qishloq xo‘jaligida faoliyat yuritayotgan olimlarning ilmiy izlanishlari samarasidir.









