O‘zbekiston va Rossiya: Baliqchilik sohasida yangi imkoniyatlar sari
2024-12-06 21:00:00 / Yangiliklar
5-dekabr kuni Moskva shahrida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi baliqchilik sohasidagi Qo‘shma komissiyaning birinchi sessiyasida O‘zbekiston Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti va Rossiyaning VNIRO instituti o‘rtasida ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha Memorandum imzolandi. Ushbu Memorandum akvakultura, genetika, seleksiya va suv biologik resurslarini qayta tiklash kabi sohalarda ilmiy tadqiqotlar olib borish, shuningdek, ekologik barqarorlikni ta’minlashni ko‘zda tutadi.
Bu O‘zbekistonning agrar iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiqish va xalqaro bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lida muhim qadamdir.
Qo‘shma komissiya sessiyasida ikki davlat vakillari bir qator strategik masalalarni ko‘rib chiqilmoqda.
Jumladan:
Baliq ovlash uchun zarur infratuzilma va resurslarni rivojlantirish.
Baliqchilik sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va Rossiyaning ilg‘or tajribasidan foydalanish.
Ovlangan baliqlarni sifatli qayta ishlash tizimini yaratish.
Baliq mahsulotlarini xalqaro bozorlarga eksport qilish uchun logistika va marketing strategiyalarini ishlab chiqish.
Baliqchilik sohasida qo‘shma korxonalar tashkil etish va hamkorlikni kengaytirish.
Mazkur sessiyada O‘zbekiston delegatsiyasiga Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Q. Yuldashev boshchilik qildi. Delegatsiyaning vazifalari orasida baliqchilik sohasidagi hamkorlikni huquqiy asosda mustahkamlash va uzoq muddatli rivojlanish rejalarini ishlab chiqish kabi muhim yo‘nalishlar bor.
Baliqchilik sohasidagi hamkorlik ikki davlat o‘rtasida nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy va ekologik barqarorlikni ta’minlashda ham katta ahamiyatga ega. Bu esa o’z navbatida, ichki bozorni rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Rossiya baliqchilik sanoati bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri hisoblanib, uning sohada to‘plagan tajribasi va zamonaviy texnologiyalari O‘zbekiston baliqchilik tarmog‘i samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Bu esa, Rossiya bilan qo‘shma loyihalar tashkil etish orqali O‘zbekistonning xalqaro maydondagi pozitsiyasi yanada mustahkamlashda asosiy omillardan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi baliqchilik sohasidagi hamkorlik ikki davlatning iqtisodiy aloqalarini yanada chuqurlashtirish bilan birga, ekologik va texnologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.