O‘zbekistonda Janubiy Koreya texnologiyasi asosida krevetka yetishtiriladi
2024-12-04 21:30:00 / Yangiliklar
Mazkur hamkorlik doirasida joriy yilning 27-29 noyabr kunlari Janubiy Koreyaning “Gangneung-Wonju” Milliy Universiteti, Morning Garden Co.Ltd kompaniyasi va Ixtirolarni targ‘ib etish Assotsiatsiyasi (KIPA) tashkiloti mutaxassislari O‘zbekistonga tashrif buyurishdi.
Tashrif davomida O‘zbekistonda krevetkani sanoat miqyosida yetishtirishda Janubiy Koreyaning Navhou texnologiyasini joriy etish, dengiz mahsulotlarini O‘zbekiston sharoitida sunʼiy usulda yetishtirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirish hamda istiqboldagi rejalar yuzasidan muhokamalar olib borildi.
Shuningdek, Baliqchilik Ilmiy-tadqiqot institutida Janubiy Koreyaning malakali professor va mutaxassislari ishtirokida seminarlar tashkil etildi. Unda Janubiy Koreyaning texnologiyalarini O‘zbekistonga joriy etish va ularni patentlash bo‘yicha maʼlumotlar berildi. Ushbu texnologiya Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutining tajriba hududlarida sinovdan o‘tkazilishiga kelishib olindi.
Shu bilan birga, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi, Janubiy Koreyaning “Gangneung-Wonju” Milliy universiteti hamda Ixtirolarni targ‘ib etish Assotsiatsiyasi (KIPA) tashkiloti o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilib, kelgusi yilda amalga oshiriladigan ishlar o‘zaro kelishib olindi.
Ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va amalga oshiriladigan ishlarni belgilab olish maqsadida anglashuv memorandumi imzolandi.