Ijtimoiy soha xodimlarining paxta terimiga jalb qilinishiga oid xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi
2026-10-15 21:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Avvalo, keyingi yillarda paxtachilikda mehnat unumdorligini oshirish, qo‘l mehnatiga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish va hosilni qisqa muddatlarda yig‘ib olish maqsadida terim jarayonlarini mexanizatsiyalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda fermer xo‘jaliklari va agroklasterlarga qo‘shimcha ravishda 957 ta yuqori unumli zamonaviy paxta terish mashinasi lizing asosida yetkazib berildi. Bu respublikadagi texnika parkini yangilash va paxta hosilini mexanizatsiyalashgan usulda yig‘ib olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda respublikada 3 000 ga yaqin paxta terish mashinasi mavjud. Har bir mashina bir kunda o‘rtacha 50 tonna paxta terishini hisobga olsak, ular yordamida bir kunda 150 ming tonnagacha hosilni yig‘ib olish imkoniyati bor. Bu esa terimni qisqa muddatlarda tashkil etish va mehnat resurslaridan samarali foydalanish imkonini beradi.
Mexanizatsiyalashtirish borasidagi ishlar natijasi joriy yilgi terim ko‘rsatkichlarida ham aks etmoqda. 2026-yil 15-oktyabr holatiga ko‘ra, respublikada paxta hosilining 76 foizi, ya’ni 3 million tonnaga yaqini terim mashinalari yordamida yig‘ib olindi. Jumladan, Jizzax viloyatida mexanizatsiyalashgan terim ko‘rsatkichi 99 foizni, Sirdaryoda 95 foizni, Toshkent viloyatida 82 foizni va Navoiyda 80 foizni tashkil etdi.
Shunga qaramay, ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va internet-saytlarda majburiy qo‘l mehnatiga yo‘l qo‘yilayotgani haqidagi xabarlar tarqatilmoqda. Jumladan, Surxondaryo viloyati Angor tumani tibbiyot birlashmasi misolida e’lon qilingan materiallar tumandagi haqiqiy holatga mos kelmaydi. Mazkur xabarlar bir necha bor qayta e’lon qilingan bo‘lsa-da, ularda keltirilgan ma’lumotlar joriy vaziyatni aks ettirmaydi.
Surxondaryo viloyati hokimligi bilan bog‘lanib, holatga aniqlik kiritilganda, tarqatilayotgan xabarlar avvalgi davrga tegishli ekani ma’lum qilindi. Viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari ham ushbu xabarlarni rad etdi. Ta’kidlanishicha, na viloyat, na tuman darajasidagi tibbiyot xodimlarini paxta terimiga yuborish yoki jalb etish bo‘yicha topshiriq va ko‘rsatma berilgan.
Bundan tashqari, Angor tumanida 27 ta zamonaviy paxta terish mashinasi mavjud bo‘lib, hosilni yig‘ib olishda ushbu texnikalardan foydalanilmoqda. Viloyat hokimligi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida paxta hosilining 80 foizdan ortig‘i terim mashinalari yordamida yig‘ib olingan.
Umuman, mamlakatimizning biror ma’muriy hududida ijtimoiy soha xodimlari, talabalar, maktab o‘quvchilari yoki boshqa soha vakillarini majburiy tarzda paxta terimiga jalb qilish bo‘yicha yozma yoki og‘zaki topshiriq berilmagan.
Ta’kidlash joizki, paxta terimi jarayonida ijtimoiy soha xodimlari, jumladan, tibbiyot xodimlari, pedagoglar, talabalar va boshqa fuqarolarni majburiy mehnatga jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Terim qonuniy mehnat munosabatlari va ixtiyoriylik tamoyillari asosida tashkil etilishi, mehnat qilayotgan fuqarolarning moddiy manfaatdorligi ta’minlanishi shart.
Shu bilan birga, paxta dalalarining chet qismlarini terim mashinalari bemalol kirishi va burilishi uchun moslashtirish ishlari ixtiyoriy ravishda amalga oshirilmoqda. Bu texnika harakatiga qulaylik yaratish va hosilni mexanizatsiyalashgan usulda yig‘ib olish ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan. Terim mashinalari kira olmaydigan kichik konturlardagi paxta esa fermer xo‘jaliklari va agroklasterlar ishchilari tomonidan qo‘lda terib olinmoqda.
Yuqoridagi ma’lumotlar paxtachilikda qo‘l mehnati ulushini kamaytirish va zamonaviy texnikalardan foydalanishni kengaytirish borasida izchil ishlar olib borilayotganini ko‘rsatadi. Shu bois, avvalgi yillarga tegishli ma’lumotlarni joriy vaziyat sifatida tarqatishdan oldin ularning sanasi va haqqoniyligini tekshirish, holatga esa rasmiy manbalar asosida baho berish maqsadga muvofiqdir.
