Yoshlar — O‘zbekiston agrar sohasining xalqaro maydondagi elchilari
2026-10-13 21:30:00 / Yangiliklar

Samimiy va mazmunli muloqot davomida vazir yosh mutaxassislar bilan agrar sohaning bugungi vazifalari, kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar hamda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish uchun xalqaro tajriba va bilimlardan samarali foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Ibrohim Abdurahmonov yoshlarga xalqaro tashkilotda orttirilayotgan tajribani shunchaki bilim va ko‘nikmalar majmui sifatida emas, balki mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim imkoniyat sifatida qabul qilish zarurligini ta’kidladi. Ularni o‘z ustida izchil ishlashga, zamonaviy yondashuvlarni chuqur o‘rganishga, tashabbuskor bo‘lishga va egallangan bilimlarni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi amaliyotiga tatbiq etishga chaqirdi.
Ayniqsa, suv resurslaridan oqilona foydalanish, iqlim o‘zgarishi sharoitida agrar sohaning barqarorligini ta’minlash, innovatsiyalarni joriy etish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash kabi dolzarb yo‘nalishlarda yoshlarning salohiyatidan samarali foydalanish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuvda yosh mutaxassislar oldida turgan vazifalarga ham alohida e’tibor qaratildi. Xalqaro tajribani o‘rganish, ilg‘or yechimlarni tahlil qilish va ularni mamlakatimiz sharoitiga moslashtirish orqali O‘zbekiston agrar sohasining rivojiga munosib hissa qo‘shish zarurligi ta’kidlandi.



