Markaziy Osiyo uchun yagona oziq-ovqat makoni va 7D yondashuvi taklif etildi
2026-10-14 15:40:00 / Yangiliklar

Tashabbus mintaqani faqat dengizga chiqish imkoniyati cheklangan hudud sifatida emas, balki quruqlik orqali o‘zaro bog‘langan, umumiy oziq-ovqat tizimiga ega makon sifatida rivojlantirishni nazarda tutadi.
Taqdimot davomida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ham mintaqaviy oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligida innovatsion yechimlarni keng joriy etish, ilmiy salohiyatdan samarali foydalanish va davlatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.
Dastur asosini 7D tamoyillari tashkil etadi. Ular ishonchli ma’lumotlardan foydalanish (Data), urug‘chilik, navlar, mahsulotlar, bozorlar va moliyani diversifikatsiya qilish (Diversification), tizimni to‘g‘ri loyihalash (Design), mahalliy sharoitga mos yechimlarni ishlab chiqish (Doable), belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarish (Discipline), uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlash (Durable) hamda inson va fermer qadrini ulug‘lash (Dignity)ni qamrab oladi.
Shuningdek, mintaqaviy oziq-ovqat savati observatoriyasini tashkil etish, moliyalashtirishning natija va amaliyotga asoslangan mexanizmlarini joriy qilish, har bir mamlakatda Living Labs — innovatsion yechimlarni sinovdan o‘tkazish maydonlarini yaratish taklif etildi.
Taqdimotda qishloq xo‘jaligida epigenetik yondashuvlarni qo‘llash, suv va dengiz mahsulotlariga asoslangan sog‘lom ovqatlanishni rivojlantirish, quruqlik orqali bog‘langan oziq-ovqat yo‘laklarini shakllantirish, shuningdek, biochar, tuproq salomatligi va karbon bozorini birlashtiruvchi aylanma uglerod qishloq xo‘jaligini rivojlantirish masalalari ham ilgari surildi.
Mazkur tashabbuslar O‘zbekistonni agrar islohotlar va innovatsiyalarni sinovdan o‘tkazish maydoni sifatida rivojlantirish, Markaziy Osiyoni esa oziq-ovqat ishlab chiqarish, qayta ishlash va ilmiy bilimlar almashinuvi bo‘yicha yagona mintaqaviy makonga aylantirishga xizmat qiladi.
Bildirilgan takliflar FAO, mintaqa davlatlari, xalqaro moliya institutlari, ilmiy muassasalar va xususiy sektor bilan kelgusidagi hamkorlikni kengaytirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.




